Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

19:49 10 Noyabr 2022 Jamiyat
441 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand shahrida Oʻzbekiston tomoni raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov nutq soʻzladi.

Taʼkidlanganidek, Samarqand sammiti geosiyosiy keskinlik tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Yangi dunyo tartibi uchun kurashishning yanada ortayotgani mamlakatlarimiz va mintaqamiz barqarorligi, xavfsizligi va uzluksiz taraqqiyoti uchun koʻplab tahdidlarni paydo qilib, global miqyosda chuqur tafovutlarni keltirib chiqarmoqda.

Bunday murakkab global sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti oʻz taraqqiyotida yangi va yanada masʼuliyatli bosqichga qadam qoʻymoqda.

Shu bois oʻzaro hamkorlik doirasida belgilangan strategik maqsad va vazifalarga erishish yoʻlida hamjihatlik va umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirish talab etiladi.

Oʻzbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbari V. Norov qayd etganidek, tashkilot davlatlarining asosiy yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma yondashuvlari Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʻljallangan Strategiyasida oʻz aksini topgan va ushbu hujjat uchrashuv davomida tasdiqlandi.

Uchrashuv qatnashchilari bir ovozdan taʼkidlaganidek, turkiy dunyoning iqtisodiy mezoni hamkorlikning lokomotivi va xalqlar farovonligining asosi boʻlishi lozim. Mamlakatlarning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank va moliya institutlari hamda tadbirkorlari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, samarali mintaqaviy hamkorlikni qurish zarur.

Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi Tashkilotga aʼzo davlatlarning 970 milliard dollardan ortiq umumiy tovar aylanmasi hajmining 3 foizidan kamrogʻini, 21 milliard dollarni tashkil etadi.

Asosiy maqsad bu koʻrsatkichni birgalikda bir necha barobar oshirishdan iborat. Buning uchun savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yoʻlidagi tarif va notarif cheklovlarni hamda boshqa toʻsiqlarni izchil qisqartirish, savdoga innovatsiyalar va raqamli yechimlarni faol joriy etish, investitsiyaviy, moliyaviy va infratuzilmaviy hamkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash va ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni ragʻbatlantirish lozimligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, davlat rahbarlarining sammiti doirasida transport hamkorligi sohasidagi juda muhim hujjatlar – yuklarni xalqaro aralash tashish toʻgʻrisidagi Bitim va transport sohasidagi bogʻliqlik Dasturi imzolanadi.

Uchrashuvda yuk tashish imkoniyatini oshirish, muddati va tannarxini kamaytirish, ushbu yoʻnalishning transport-logistika tizimini raqamlashtirish, shuningdek, bojxona va transport qonunchiligini uygʻunlashtirish va sinxronlashtirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilishda, shuningdek, Afgʻonistonda barqaror tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga faol yordam koʻrsatishi zarurligi borasida qatʼiy va prinsipial pozitsiyaga sodiqdir. Tadbirda Afgʻoniston Muvaqqat hukumatiga nisbatan umumiy va yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi nihoyasida tashkilot Bosh kotibi bilan bogʻliq masala koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi lavozimida 3 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan Bogʻdod Amreyevning vakolat muddati tugadi. Tashkilot Bosh kotibi lavozimiga Qirgʻizistonning Turkiyadagi elchisi boʻlib ishlab kelayotgan Kubanichbek Omuraliyev tayinlandi.

Abduvali Soibnazarov,

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?