Turkiy davlatlar tashkiloti: kecha va bugun

Maʼlumki, 10-11-noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti oʻtkaziladi. Shu munosabat bilan barchani mazkur tashkilot, uning maqsad va vazifalari, tarkibi, tuzilishi qiziqtirishi tabiiy.
Mazkur savollarga tarixiy yondashuv orqali javob berishga harakat qilamiz.
Hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti 30 yillik mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan.
1991-yilning oxirlariga qadar jahonda turkiy tilda soʻzlashuvchi yagona mustaqil davlat Turkiya boʻlgan, boshqa beshta davlat esa sobiq Ittifoq tarkibidagi respublikalar edi. Shuning uchun ham mazkur respublikalar bilan birgalikda turkiy tilli davlatlar tashkilotini tuzish toʻgʻrisida fikr yuritish ham mumkin boʻlmaganligi barchaga ayon. 1991-yilning oxirlariga kelib Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon mustaqillikka erishib, oʻzining suverenitetini eʼlon qildi hamda xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektiga aylandi.
Shundan soʻng 1992-yil 30-oktyabrda Turkiyaning tashabbusi bilan birinchi “Turkiy tilli davlatlar sammiti” Anqara shahrida oʻtkazildi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston rahbarlari ishtirok etishdi.
1993-yil 12-iyul kuni Olmaota shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotini tuzish haqidagi Bitim imzolandi.
2010-yil 15-sentyabrga qadar, yaʼni doimiy faoliyat koʻrsatuvchi xalqaro tashkilot sifatida oʻz faoliyatini boshlagunga qadar 10 ta “Turkiy tilli davlatlar sammiti” boʻlib oʻtdi. Ularda turkiy tilli davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan koʻplab masalalar muhokama qilinib, tegishli hujjatlar qabul qilingan.
Xususan, 2008-yilda Istanbul shahrida Turkiy tilli mamlakatlar parlamentlar assambleyasi tashkil etildi.
2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida boʻlib oʻtgan toʻqqizinchi “Turkiy tilli davlatlar sammiti”da Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimi imzolandi.
Shu tariqa “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi” xalqaro birlashmasi (keyingi oʻrinlarda Turkiy kengash deb yuritiladi) BMTda roʻyxatdan oʻtgan xalqaro hukumatlararo tashkilot sifatida oʻz faoliyatini boshladi. Tashkilotning bosh qarorgohi Istanbul shahrida joylashgan.
Turkiy Kengashning tashkiliy tuzilmasi doirasida tashkil etilgan birinchi sammit Qozogʻistonning Olmaota shahrida 2011-yil 20-21-oktyabr kunlari oʻtkazilgan boʻlib, unda iqtisodiy va savdo sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Ikkinchi sammit 2012-yil 22-23-avgust kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida “Taʼlim, ilmiy va madaniy hamkorlik” mavzusida tashkil etilgan.
2013-yil 15-16-avgust kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida oʻtkazilgan uchinchi sammit “Transport va aloqa” mavzusida boʻlgan.
2014-yil 4-5-iyun kunlari Turkiyaning Bodrum shahrida “Turizm sohasidagi hamkorlik” shiori ostida toʻrtinchi sammit boʻlib oʻtgan.
2015-yil 11-sentyabrda Qozogʻistonning Ostona shahrida oʻtgan beshinchi sammitda “Media va axborot” mavzusi muhokamalar markazida boʻlgan.
Oltinchi sammit 2018-yil 3-sentyabrda Choʻlpon-ota shahrida “Yoshlar va milliy sport” mavzusida oʻtkazilgan. Unda qozogʻistonlik elchi Bogʻdod Amreyev Turkiy Kengashning Bosh kotibi etib saylangan. Vengriya Turkiy Kengashda kuzatuvchi maqomini olgan. Uchrashuv yakunida Davlat rahbarlari tomonidan Choʻlpon-ota deklaratsiyasi imzolangan.
Turkiy Kengash toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimining 10 yilligiga toʻgʻri kelgan yettinchi sammit 2019-yil 15-oktyabrda Ozarbayjonning Boku shahrida “Kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash” mavzusida boʻlib oʻtdi. Unda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev – Elboshi, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari Purli Agamiradov qatnashdi. Sammitda Oʻzbekiston tashkilotga yangi aʼzo sifatida ishtirok etdi.
2020-yil 10-aprelda onlayn shaklda Turkiy kengashning favqulodda sammiti boʻlib oʻtdi va unda “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari” muhokama qilindi.
2021-yil 12-noyabrda “Raqamli davrda yashil texnologiyalar va aqlli shaharlar” mavzusiga bagʻishlangan Sammitda yetakchilar kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha birgalikda harakat qilish muhimligini taʼkidlab, tashkilotning kelajagi bilan bogʻliq qator muhim masalalar yuzasidan qarorlar qabul qildilar. Avvalo, Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb oʻzgartirildi. Sammit turkiy davlatlar mustaqilligining 30 yilligiga toʻgʻri keldi va Turkmaniston tashkilotning yangi kuzatuvchi aʼzosi maqomini oldi.
Shunday qilib, hozirgi kunda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston bilan bir qatorda 2018-yildan Vengriya, 2021-yildan esa Turkmaniston ham tashkilot faoliyatida kuzatuvchi-aʼzo sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.
Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari
Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
tomonlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash;
mintaqada va umuman jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash;
umumiy manfaatlarga ega boʻlgan tashqi siyosat masalalari boʻyicha, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar va xalqaro forumlar doirasida umumiy nuqtayi nazarlarni izlash;
xalqaro terrorizm va separatizm, ekstremizm, narkobiznesga qarshi kurashish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishini nazorat qilish boʻyicha xalqaro siyosatga koʻmaklashish;
tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, ekologiya, madaniyat, ilmiy-texnikaviy, taʼlim, energetika, transport, moliya-kredit va boshqa jabhalarda samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
cavdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, texnologiya, moliya va bank operatsiyalari erkin harakatlanishini bosichma-bosqich amalga oshirish maqsadida bojxona va tranzit tartib-taomillarini yanada soddalashtirish;
tomonlar xalqlarining turmush darajasini muttasil oshirish va yaxshilash maqsadida mintaqada teng huquqli hamkorlik asosida birgalikdagi harakatlar orqali har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy oʻsishga, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotga intilish;
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan tamoyillari va normalariga muvofiq inson huquqlari va asosiy erkinliklarini taʼminlash masalalarini muhokama qilish;
fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirish;
turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini targʻib qilish, ommalashtirish va tarqatishda ommaviy axborot vositalarining oʻzaro hamkorligini qoʻllab-quvvatlash;
huquqiy munosabatlarning turli sohalarida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish va hamkorlik qilish maqsadida huquqiy axborot almashinuvini muhokama qilish.
Turkiy davlatlar tashkilotining tuzilishi va faoliyati
Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy organlari Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qoʻmitasi, Oqsoqollar kengashi va Kotibiyat hisoblanadi.
Shuningdek, 2022-yil 27-aprelda Turkiy davlatlar tashkilotining Konstitutsiyaviy sudlar kengashi tashkil qilindi.
Davlat rahbarlari kengashi oʻz faoliyatini muntazam uchrashuvlar shaklida amalga oshiradi va uning doirasida: dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilinadi; davlatlar oʻrtasida tashkilot doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilanadi; tashkilot faoliyati tahlil qilinadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi Davlat rahbarlari kengashi majlisiga (sammitga) mezbonlik qiluvchi tomon keyingi shunday majlisga qadar Turkiy davlatlar tashkiloti raisi sanaladi. Hozirgi kunda tashkilot raisi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻon hisoblanadi. Samarqand sammiti doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga oʻtadi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashi oʻz vakolatlari doirasida: tashkilotning joriy faoliyati masalalarini koʻrib chiqadi; Davlat rahbarlari kengashi majlislari doirasida muhokama qilish uchun eng dolzarb xalqaro muammolarni belgilaydi; Kotibiyatning shtat jadvalini va moliyaviy hisobotini tasdiqlaydi. Tashqi ishlar vazirlari kengashi zarur hollarda tashkilot nomidan bayonotlar berishi mumkin.
Yuqori mansabdor shaxslar qoʻmitasi har bir davlatdan kamida bitta vakildan iborat tarkibda tuziladi. Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida Kotibiyat faoliyatini muvofiqlashtiradi, Kotibiyat tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalarini Tashqi ishlar vazirlari kengashida tasdiqlash (qabul qilish)gacha koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
Oqsoqollar kengashi Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat instituti hisoblanadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Tomonlar tashkilotning doimiy boshqaruv organi boʻlgan Kotibiyatni tashkil etadilar.
Kotibiyat oʻz vakolatlari doirasida: Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qoʻmitasi majlislarini, shuningdek, tashkilot shafeligida boshqa majlislarni oʻtkazish boʻyicha zarur maʼmuriy, tashkiliy, bayonnomaviy va texnik choralarni koʻradi; hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi; hujjatlar arxivini tashkil etadi va yuritadi; davlatlar tomonidan taqdim etilgan va boshqa xalqaro tashkilotlar va forumlardan olingan hujjatlar va maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va tarqatish markazi sifatida ishlaydi; tashkilot haqida umumiy maʼlumotlarni tarqatadi va boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Turkiy davlatlar tashkilotining oʻziga xos jihatlaridan biri, Naxichevan bitimiga koʻra, tashkilotning ishchi tillari unga aʼzo davlatlarning davlat tillari, yaʼni ozarbayjon, turk, qirgʻiz, qozoq, oʻzbek tili hisoblanadi. Tashkilot faoliyatini jahon xalqlariga keng miqyosda yetkazish maqsadida ingliz tili ham ishchi til sifatida belgilangan.
Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA), Xalqaro turkiy Akademiya, Turkiy madaniyat va meros poydevori va Turkiy savdo-sanoat palatasi kabi mavjud tashkilotlarga hamkorlik mexanizmlari uchun shafe tashkilot vazifasini bajaradi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzolik xalqimizning tub manfaatlariga toʻla javob beradi
Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosati chuqur oʻylanganligi, pragmatik va aniq yechimlarga asoslanganligi, demoktarik ruhda fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlariga javob berishi bilan xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Darhaqiqat, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida yettinchi ustuvor yoʻnalish – “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish” deb nomlangan boʻlib, unda bu sohadagi aniq maqsadlar belgilab olindi. Ularda mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatida rolini oshirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, anʼanaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirishga alohida eʼtibor berilgan.
Xususan, turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim jihati hisoblanadi. Turkiy kengash bilan hamkorlikning faollashuvi yurtimiz uchun qoʻshni davlatlar bilan ham, mintaqadan tashqaridagi yangi hamkorlar bilan ham koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bu, oʻz navbatida, nafaqat oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi. Tashkilot ishida doimiy aʼzo sifatida ishtirok etish bizga xalqaro maydonda oʻz tashabbuslarimizni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizning turkiy-islomiy taraqqiyot markazlaridan biri sifatidagi jahondagi nufuzi va maqomini mustahkamlash uchun qoʻshimcha siyosiy-diplomatik resurslarni yaratadi.
2019-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va bu tashkilotning toʻlaqonli aʼzosiga aylandi. Mazkur Kengashning Choʻlpon-ota sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Oʻzbekiston va Turkiy kengash mamlakatlarini azaldan nafaqat madaniyat, til, maʼnaviyat mushtarakligi, balki anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar bogʻlab turadi”, - deya eʼtirof etilganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir.
Mazkur tashkilot doirasidagi bunday koʻp tomonlama hamkorlik Oʻzbekistonning oʻzaro hurmat, doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan hozirgi ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosatini ilgari surishda qoʻshimcha omil boʻlib xizmat qiladi. Bu borada tashkilot faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-sammitida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati davlat rahbarlari tomonidan imzolandi. Mazkur sammit davomida kelgusi sammitni tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi va 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtishi belgilandi.
Samarqand sammiti doirasida siyosiy-iqtisodiy, transport, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalari muhokamasi hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish koʻzda tutilgan.
Tadbirning asosiy hujjati – bu aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʻyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʻz ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti deklaratsiyasidir. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar belgilab berilgan.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tashkilot doirasida azaliy qardoshlikni mustahkamlash barobarida global va mintaqaviy muammolar boʻyicha siyosiy maslahatlashuvlarni kuchaytirish, iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikni, ilm-fan, sanʼat va madaniyat sohasida hamda turkiy tilli dunyoning moddiy, maʼnaviy madaniyatini asrash va yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni yuqori saviyaga koʻtarish doimiy eʼtiborda boʻlib qoladi.
Foziljon Otaxonov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring