Turkiy davlatlar musulmon diniy idoralari rahbarlari Toshkentda yigʻildi

17:00 25 Noyabr 2023 Siyosat
460 0

Poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining IV yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay hoji Tagʻanuli, Qirgʻiziston musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi raisi Abdimanap Masaliyev hamda Turkmaniston muftiysi Yalkap Xodjaguliyev, shuningdek, turkiy davlatlar ulamolari, diniy soha vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, diniy idoralar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, shu bilan birga, koʻp asrlik milliy va diniy anʼanalarimizni keng targʻib etish, “Jaholatga qarshi — maʼrifat” gʻoyasi asosida ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashish, islomofobiyaga murosasiz boʻlish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, diniy idoralar rahbarlari birgalikda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, ularni hayotga keng tatbiq etish va bugungi kunda musulmon ummati uchun muhim boʻlgan masalalar yuzasidan oʻzaro fikr va mulohazalar almashdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlari rahbarlari kengashi yigʻilishlari turkiy dunyoning diniy idoralari oʻrtasidagi aloqalarini mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi sof dinimizga nisbatan xurujlarni bartaraf etishda oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер