Turizm va sport vazirligining tuzilmasi qayta koʻrib chiqiladi

22:09 13 Avgust 2021 Jamiyat
487 0

Davlat rahbari Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar bilan uchrashuvda Bosh vazirga shunday topshiriq berdi.

«Sport turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari koʻzga tashlanmoqda.

Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari oʻtkazilmasdan, faqatgina maʼlum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yoʻq.

Sport yoʻnalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirish talab etiladi.

A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta koʻrib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini oʻtkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.

Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik taʼminotini yaxshilash, bunda ilgʻor xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qoʻllash muhim hisoblanadi.

Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy taʼsir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar roʻyxati hamda optimal ovqatlanish ratsionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim.

Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratish juda muhim.

Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, oʻziga ishonchi qanchalik kuchli boʻlsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi boʻladi.

Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va diyetologiyasi boʻlimlarini tashkil etish lozim», dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?