Turizm va sport vazirligida “Tokio — 2020” Tezkor shtabi oʻz faoliyatini boshladi

20:30 17 Iyul 2021 Sport
1249 0

Barchamiz orziqib kutayotgan Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlari boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi.

Bu safargi musobaqaga boʻlgan qiziqish har qachongidan yuqori, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, 32-marotaba oʻtkazilayotgan oʻyinlarni ishtirokchilar va albatta muxlislar ham ancha uzoq, yaʼni 5 yil kutishdi. Vaholanki, shu paytgacha biron marotaba zamonaviy Olimpiya oʻyinlarining muddati oʻzgarmagan.

Mazkur oʻyinlarning yurtimiz sportchilari uchun ahamiyatli jihati shundaki, Tokiodagi musobaqalar xalqimizning eng ulugʻ va eng aziz bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik yubileyi arafasida oʻtkazilmoqda. Shu bois har bir sportchimiz kunchiqar yurtdan yorugʻ yuz bilan qaytib, istiqlol ayyomiga munosib toʻyona hozirlashni maqsad qilishgan.

Boʻlajak oʻyinlarga boʻlgan qiziqishning yuqori ekanligini inobatga olgan holda Turizm va sport vazirligida tezkor shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tezkor shtab 2021-yil 17-iyuldan 5-sentyabrga qadar faoliyat koʻrsatib, uning oldiga Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlaridagi yurtimiz sportchilarining ishtiroki toʻgʻridagi kunlik maʼlumotlarni umumlashtirish hamda ularni keng sport jamoatchiligiga yetkazish vazifasi yuklatilgan.

Maʼlumot uchun: Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan Oʻzbekiston delegatsiyasi shu yilning 19-iyul sanasida charter reys orqali kunchiqar yurtga joʻnab ketishadi.

Tezkor shtab bilan bogʻlanish va kerakli maʼlumotlarni olish uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin:

(95) 142-73-77,

(95) 143-73-77

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?