Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi . Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi .
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qayd etilishicha , shu yil ning 3-iyun kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishi hamda tadbirkorlar bilan muloqotda berilgan topshiriqlar va bildirilgan takliflar asosida soha rivojiga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan .
Xususan , xorijiy turistlarni yurtimizga jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million dollar qiymatida alohida kredit liniyasi ochilmoqda . Bu kreditlar milliy valyutada yillik 17 foiz stavkada , 2-yillik imtiyozli davr bilan 10-yilga ajratiladi .
Foto: Prezident matbuot xizmati
Salohiyati yuqori boʻlgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari barpo etiladi . Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika byudjetidan 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi . Shuningdek , ularning har biriga 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi .
Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda . Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish , turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish , xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda soligʻi 50 foizga kamaytirish kabi choralar bor .
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning milliy turizm brendini yaratish zarurligini taʼkidlagan edi . Shunga muvofiq , maqsadli bozorlar talablaridan kelib chiqib , yurtimizdagi turizm turlari toʻgʻrisida kontentlar yaratiladi . Ular xalqaro media va ijtimoiy platformalar , jahon sport va sanʼat tadbirlarida targʻib qilinadi . Bunga auditoriyasi katta boʻlgan xorijiy jurnalist , bloger va inflyuenserlar ham jalb qilinadi .
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia , temir yoʻl va avtobus qatnovlari haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi . Avia , temir yoʻl va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi . Umumxalq bayramlari kunlarida qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi . Bular haqda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi .
Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim . Kelayotgan oʻquv yilidan boshlab , bu borada ham qator yangiliklar moʻljallanmoqda .
Jumladan , turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohasida oʻquv dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi taʼlim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtiriladi . Bu sohada oliy taʼlim toʻrt yillikdan uch yillikka oʻtkaziladi . Talabalarga bir vaqtning oʻzida ixtisosligi boʻyicha ishlab , kasbiy koʻnikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi . Andijon , Buxoro , Samarqand va Urganch davlat universitetlari , Sharqshunoslik , Jahon tillari va “Ipak yoʻli ” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi .
Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlar boʻyicha hujjat ishlab chiqib , ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berdi .
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring