Turizm sohasi va “Yashil makon” loyihasi doirasidagi vazifalar muhokama qilindi

21:41 11 Oktyabr 2023 Siyosat
747 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-oktyabr kuni turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini toʻliq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Maʼlumki, turizm iqtisodiyot uchun qoʻshimcha va tuganmas manba. Shu bois har bir davlat sayyohlarni jalb etishga harakat qiladi. Mamlakatimizda bu sohaga keng imkoniyatlar yaratilayotgani natijasida mehmon oʻrinlari, sayohat joylari va yoʻnalishlari koʻpayib bormoqda.

Oʻtgan 8 oyda yurtimizga xorijdan 4 million 300 ming nafar turist kelgan, ulardan 1 milliard 400 million dollar tushum boʻlgan. Qoʻshimcha dam olish kunlari va chegirma berilgani natijasida ichki sayyohlar soni 15 million nafarni tashkil qilib, oʻtgan yilgiga qaraganda 2 barobarga oʻsgan.

Turizm infratuzilmasi izchil rivojlanmoqda. Joriy yilda 15 mingta yangi mehmon oʻrinlari tashkil etilib, ularning soni 137 mingtaga yetdi. 540 ta dam olish va koʻngilochar maskan barpo etildi, 70 ta turizm marshruti ochildi.

Shuningdek, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, yangi 23 ta samolyot olib kelindi, 20 ta xalqaro va 6 ta ichki qatnov yoʻlga qoʻyildi. Samarqand aeroportida haftalik xalqaro reyslar 46 tadan 85 taga koʻpaydi. 1 ming 300 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, 38 ta yoʻnalish ochildi.

Yigʻilishda turistlarni koʻpaytirish boʻyicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Avvalo, qoʻshni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun qulay imkoniyat borligi taʼkidlandi. Xususan, yurtimiz viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan hamkorlik oʻrnatgan. Bundan foydalanib, hududlarimiz turistik salohiyatini targʻibot qilib, Xitoydan yiliga 1 million sayyohni jalb qilish mumkinligi aytildi.

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan turistlar kelishi ham koʻpaygan. Misol uchun, Hindiston, Yaponiya, AQSH va italiyalik sayyohlar soni 3-4 barobar oshgan. Birgina Xorazmga Ispaniyadan 40 ming turist tashrif buyurgan. Lekin ular tranzit orqali kelayotgani sababli ortiqcha xarajat qilayapti. Agar Madriddan yurtimizga aviareys qoʻyilsa, turoperatorlar sayyohlarni 4 karra oshirishga tayyorligini bildirgan.

Shu bois Transport vazirligiga xorijdagi elchilarimiz bilan birga aviaqatnovlarni koʻpaytirish choralarini koʻrish topshirildi.

Yaqinda, 16-20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida ilk bor Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unga 128 ta mamlakatdan 1 mingdan ziyod ishtirokchi, shu jumladan 79 nafar turizm vaziri, 24 nafar vazir oʻrinbosari kelishi kutilmoqda.

– Bu tadbir mamlakatimiz turizm salohiyatini koʻrsatish uchun juda katta imkoniyat, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan soha vakillarini jalb qilib, har bir hududning tarixi, tabiati, madaniyati, ziyoratgohlari, ovqatlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish etish, loyihalar taklif qilib, kelishuvlarga erishish zarurligi taʼkidlandi.

Turistlarni jalb qilish boʻyicha yana bir katta yoʻnalish bu – madaniy tadbirlar. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston va ayrim viloyatlarda festivallar tashkil etilgan. Shu tajriba asosida, qolgan hududlarda ham turistlarni jalb etadigan madaniy tadbirlarni koʻpaytirish topshirigʻi berildi. 

Davlatimiz rahbari mamlakat imijida kino sanʼatining oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi. Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligiga bu borada koʻrsatmalar berildi.

“Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti mutaxassislari ishtirokida servis sifati hamda soha xodimlarining malaka va madaniyatini oshirish vazifasi qoʻyildi.

Joylardagi sayilgoh va istirohat bogʻlarini jonlantirish, tematik turizm koʻchalarini tashkil qilish, badiiy jamoalarni libos va anjomlar bilan taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ham koʻrib chiqildi.

Yurtimizda bu harakat boshlanganiga 2 yil boʻldi. Shu davrda 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bogʻ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Umuman, jamiyatda, masʼullarda daraxtga nisbatan munosabat oʻzgardi.

Endi 25-oktyabrdan 1-dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” eʼlon qilinadi. Bu mavsumda 85 million tup koʻchat ekilishi moʻljallangan.

Buning uchun Respublika shtabi tuzilib, unga Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik va Oʻrmonchilik institutlari, oʻrmon xoʻjaligi rahbarlari kiritiladi. Ular tuproq tahlili va iqlim sharoiti asosida koʻchat turini belgilab beradi. 

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan koʻchat bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, 15-oktyabrdan barcha tuman va mahallalarda koʻchat yarmarkasi tashkil qilinadi.

Koʻchat ekishda manfaatdorlikni oshirish maqsadida avtomobil, temir yoʻl, daryo va kanallar boʻyi aholi va tadbirkorlarga shartnoma asosida yer toifasi oʻzgartirilmasdan boʻlib beriladi.

Bandlik vazirligining Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari bundan buyon mahallalarning oʻziga beriladi va daraxt ekish, parvarishlash va tozalik tadbirlariga yoʻnaltiriladi.

Maʼlumki, viloyat, tuman va shaharlarda obodonlashtirish boʻlimlari bor. Bu xizmatlarni, tajriba tariqasida, xususiy sektorga berish taklifi bildirildi. Bunda har bir koʻcha daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilinib, bir yillik mablagʻi bilan ochiq tanlovga qoʻyiladi. Mutasaddilarga shu boradagi shartlar va moliyalashtirish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?