Turizm – natija va imkoniyatlar

18:34 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
367 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqandga keladigan sayyohlar asosan, bir necha asrlik tarixiy obidalar bilan birga, xalqimizning boy milliy merosi, anʼana va qadriyatlari bilan tanishish, yurtimizning betakror tabiatidan ham bahramand boʻlishni istaydi.

Mahmonlarga qulaylik yaratish maqsadida hozirda viloyatda turizmning 13 turi faoliyat koʻrsatmoqda. 60 ta ziyorat turizmi obyekti, 42 ta gastronomik, 14 ta etnoturizm, 26 ta ekoturizm, 16 ta agroturizm, 21 ta tibbiyot turizmi obyektlari mavjud.

Qolaversa, 14 mingga yaqin oʻringa ega boʻlgan 488 ta joylashtirish vositalari bor. Birgina 2022-yilda 4248 oʻrinli 32 ta yangi mehmonxona ochildi. Sentyabr oyining oʻzida 13 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar esa yana 840 oʻrinli 7 ta mehmonxonaning ochilishi rejalashtirilgan.

Samarqand shahrida oʻtkazilgan SHHT sammiti arafasida “Xalqlar doʻstligi muzeyi” va “Ipak yoʻli muzeyi” ishga tushdi. Yana 3 ta muzey tashkil etish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining barpo etilishi viloyatning turizm imkoniyatlarini bir necha barobar oshirdi. Bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va boshqa koʻplab inshootlar mavjudki, ular yiliga 2 million sayyohga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.

Yaqinda Prezidentimiz raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yurtimizda mazkur sohani rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil qilindi, — deydi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari — turizm va madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Rustam Qobilov. — Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonning “tashrif qogʻozi”ga aylanadigan bu majmuaga sayyohlarni jalb etish, elchixonalar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “Samarqand-Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasini oʻtkazish belgilangan edi. Ana shu maqsadda yil yakunigacha yangi turistik markazda bir qator xalqaro anjuman va forumlar, musobaqalar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Jumladan, 8-9-oktyabr kunlari triatlon boʻyicha Osiyo kubogi musobaqasi va xalqaro gastronomik festival, 24-27-oktyabr kunlari Oʻzbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi, noyabr oyida iqtisodiy forum va turkiy tilli davlatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi, Samarqand yarim marafoni oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, yigʻilishda yangilangan Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xalqaro qatnovlarni koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Xususan, xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qoʻshni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reysni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari vodiy viloyatlari, Nukus, Urganch va Termizdan ham har kuni kamida 1 ta aviaqatnov amalga oshirilishi boʻyicha topshiriq berilgan edi.

Ayni paytda mazkur aeroport orqali har hafta Moskvaga 15 ta, Istanbulga 6 ta, Krasnodarga 5 ta, Sochi va Olma-Otaga 4 tadan va boshqa aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Yaqindagina Birlashgan Arab Amirliklarining Flaydubai aviakompaniyasi tomonidan “Dubay-Samarqand” yoʻnalishida ham aviaqatnov yoʻlga qoʻyildi. Dastlab, haftasiga ikki marta, keyinchalik haftasiga toʻrt marta aviareyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bokuga ham parvozlar yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda. Qolaversa, “Andijon - Samarqand - Andijon» yoʻnalishida ham muntazam aviaqatnovlar boshlandi.

Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi ularoq yil boshidan buyon Samarqandga 553 ming nafardan ortiq xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 112 ming nafar boʻlgan. Respublikamiz hududlari boʻyicha esa 2 million 300 ming nafardan ziyod mahalliy sayyoh kelgan.

Bugungi kunda turistlarning Samarqandda oʻrtacha qolishi 2,6 kunni tashkil qilmoqda. 2021-yilda bu 2 kun boʻlgan. Xorijlik turistlarning bir kunlik xarajati 152 AQSH dollarini, mahalliy turistlarniki 550 ming soʻmni tashkil etmoqda. Ularning yana bir kun qolish kunlarini uzaytirish orqali turizm xizmatlari eksporti yiliga qoʻshimcha 14 million AQSH dollariga koʻpayadi.

Keyingi yillarda sayyohlarga milliy urf-odat, anʼanalarimizni namoyish qilish maqsadida viloyatda turizm qishloqlari tashkil etildi. Ayni paytda Samarqand tumanida Konigil, Urgutda Tersak, Nurobodda Oqsoy, Payariqda Choshtepa, Kattaqoʻrgʻonda Andoqsoy mahallalari turizm qishloqlariga aylantirilgan. Ushbu maskanlarda sayyohlarga 100 ga yaqin mehmon uylari xizmat koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 192 ta turoperator, 410 nafar gid-tarjimon, 144 ta turistik avtobus, 136 ta mikroavtobus turistlar xizmatida.

Imkoniyatlardan foydalanish yoʻlidagi harakatlar

Kelgusida viloyat boʻyicha turizm sohasida 5,9 trillion soʻmlik 365 ta loyihani amalga oshirish orqali 21 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi. 2022-yil 8 oyi davomida 18,5 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Yaqinda Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlogʻining ikkinchi bosqichi qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha doirasida 100 ta turizm obyekti va 500 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Hazrati Dovud ziyoratgohiga tutash hududda loyiha qiymati 12 million AQSH dollari boʻlgan dor yoʻli qurilmoqda. Kelgusi yili foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha doirasida 8 gektar hududda turizm kompleksi tashkil etiladi.

Bundan tashqari Toyloq tumanida 2023-yilning sentyabriga qadar “Bro Beans” korxonasi tomonidan 110 oʻrinli mehmonxona, logistika markazi va dam olish maskani foydalanishga topshiriladi. Qolaversa, 2022-2025-yillarda Imom at-Doromiy maqbarasini taʼmirlash, yangi masjid, kutubxona, oʻquv xonalarni barpo etishni oʻz ichiga olgan loyiha ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari

Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishda qayd etilganidek, viloyatda ham amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, kamchiliklar ham mavjud. Ularning yechimi ustida izlanishlar olib borilmoqda. Misol uchun, viloyatdagi tarixiy obidalar va muzeylar imkoniyatlarining bor-yoʻgʻi 50 foizidan samarali foydalanilmoqda.

Qolaversa, viloyatda salohiyatga ega 98 ta madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, hozirgi vaqtda ulardan 51 tasi sayyohlik yoʻnalishlariga kiritilgan.

Xorijlik sayyohlar kunning barcha qismidan unumli foydalanishni, yaʼni dam olishni istaydi. Afsuski, viloyatda sayyohlarning tungi payt mazmunli dam olishlari uchun maskanlar yetarli emas.

Nurobod tumanida joylashgan rodonli suv bilan davolashga ixtisoslashtirilgan sihatgohlarni birlashtirgan holda tibbiyot turizmi zonasini tashkil etish, tadbirkorlar uchun maxsus soliq imtiyozlarini joriy etish, tibbiyot uskunalarini olib kirishga imtiyoz berish orqali hududga nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarni ham koʻproq jalb etish imkoniyati mavjud.

Bugun Samarqandda jami 300 tadan ortiq turistik maskanlar boʻlsa, shundan 30 tasi ekoturistik maskanlar xisoblanadi. Bundan tashqari oilaviy va xususiy boʻlgan 100 dan ortiq mavsumiy ekoturistik maskanlar mavjud.

Qachon ekoturizmni rivojlantirish mumkin? Qachonki, ushbu maskanlarimizdagi ekologik lanshafni, flora va faunani tabiiyligini yuqotmagan holda saqlab, kelayotgan mahalliy va horijiy sayyohlarga qulay sharoitlarni yaratsakgina, uni rivojlantirishga erisha olamiz.

Masalan, Urgut tumani misolida qaraydigan boʻlsak, tuman Zarafshon togʻ tizmasi yon bagʻrida joylashganligi va moʻtadil tabiati bilan ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun juda qulay hisoblanadi. Shu boisdan ham tumanining turizm salohiyatidan kelib chiqib, ekoturizm, ziyorat turizmi va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida 11 ta mahallalar turizm hududi sifatida belgilab olingan. Bundan tashqari hozirgi kunda oʻzining betakror tabiat manzaralari bilan xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb qilib kelayotgan Teshiktosh ekoturistik maskani va Tersak turizm qishlogʻida 25 ta uy mehmonxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Shundan 5 ta uy mehmonxonalari tomonidan joriy yilning shu kuniga qadar Yevropa mamlakatlarining turli davlatlaridan tashrif buyurgan 500 nafarga yaqin xorijlik mehmonlarga xizmat koʻrsatilgan.

Urgutning Beshkon mahallasidagi tabiat moʻjizasi – “Teshiktosh” maskanida ona tabiat mahorat bilan yoʻngan turli shakl va oʻlchamlardagi toshlar yerga bagʻrini berib yotibdi. Bugun bu joylar tumanning ekoturizm markazi, oʻziga xos tashrif qogʻozi hisoblanadi. Doimo xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan gavjum boʻladigan ushbu maskan bir necha yil oldin tashlandiq holatda edi.

— Bu yerlarga koʻp yillar yetarlicha eʼtibor berilmadi, — deydi “Teshiktosh” ekoturizm maskani rahbari Marat Burxonov. — Yaqingacha yon-atrofimiz M-39 magistral yoʻlidan oʻtib-qaytuvchi haydovchilar tomonidan tashlab ketiladigan chiqindilar bilan toʻlib-toshardi. Hudud turizm maskani uchun ajratilgach, vaziyat oʻzgardi. Adirlik chiqindilardan tozalandi, sayyohlarning tabiat manzaralaridan bahramand boʻlib, maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoit yaratildi. Ayni paytda maskan yonida 32 kishilik mehmonxona quryapmiz.

Teshiktoshdagi oʻzgarishlarni koʻrib, qanchalik quvonsangiz, barcha sayyohlarda hayrat uygʻotadigan naqshinkor toshlarning abgor holatini koʻrib, shuncha kayfiyatimiz tushdi. Gap shundaki, maskandagi deyarli barcha toshlar turli yozuvlar bilan bejab tashlangan. Sayyohlar Teshiktoshga shu madaniyatsizlikni koʻrish uchun keladimi? Toshlarning atrofi ham tozalanmagan, qadamda oziq-ovqat mahsulotlaridan qolgan chiqindilar sochilib yotibdi. Markaz rahbaridan bunga izoh soʻraganimizda, “Yaqinda toshlarni yuvib chiqqan edik, odamlar yana chizib ketishyapti. Tez orada kuzatuv kameralari qoʻyamiz”, degan javobni oldik. Ammo bu ularning bugungi ayanchli holatini oqlamaydi.

Turizmning boshqa sohalardan farqi shuki, mazkur sohani rivojlantirish uchun oʻnlab yoʻnalishlarda qulaylik yaratilishi lozim. Soha faqat turistik obyektlar va mehmonxonalardan iborat emas. Ana shu yoʻnalishlardan biri - jamoat transporti hisoblanadi.

Jamoat transporti masalasi ham koʻngildagidek boʻlsa, sayyohlarga qanchalik qulay boʻladi. Hozircha Samarqanddagi yoʻlovchi tashish avtobuslarini har tomonlama qulay va zamonaviy deya olmaymiz. Dunyoning istagan davlatida turistlar jamoat transportini tanlagani holda bizdagi avtobuslarlarda ular koʻrinmasligi bejiz emas, albatta.

Yaqinda jamoat transportida toʻlovlar elektron shaklga oʻtayotgani maʼlum qilindi. Hatto yoʻlkira uchun elektron toʻlov naqd puldan koʻra ancha arzon etib belgilanishi taklif qilindi. Bu oʻzini oqlaydi albatta. Agar tizim raqamlashtirilsa, birinchi navbatda jamoat transportida tartib boʻladi, mijozlar uchun avtobuslar bir-birini quvmaydi, ehtimoliy avariyalarning oldi olinadi va eng asosiysi pul aylanmasi ham legallashadi.

Xullas, soha rivoji yoʻlida hali bajarilgan ishlardan koʻra, qilinadiganlari koʻproq koʻrinadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?