Turizm xalqlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi
Hayotda sayohatni xushlamaydigan inson juda kam. Shu bois turizmga butun dunyoda eng istiqbolli sohalardan biri sifatida qaraladi. Umuman olganda, turizm har bir mamlakat iqtisodiyotida alohida oʻringa ega boʻlib, millionlab insonlarning tirikchiligini taʼminlaydi. Xalqlar oʻrtasida birdamlik va oʻzaro hamkorlikni rivojlantiradi.
Bugun Oʻzbekistonda sayyohlik tarmogʻini taraqqiy ettirishga qaratilgan ishlar soha uchun zamonaviy bilimlarga ega kadrlar tayyorlash bilan birga kechmoqda. Bu borada toʻplangan tajriba afgʻonistonlik yoshlarni soha uchun mutaxassis sifatida tayyorlashda ham qoʻl kelyapti.
Qoʻshni mamlakat Afgʻoniston tarixiy-arxeologik nodir meʼmoriy yodgorliklarga boy. Bu tarixiy obidalar butun dunyo olimlari qiziqishi ostidadir. Vaholanki, ming yillab tarixni oʻzida saqlagan bu turistik qadamjolar YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatida oʻz oʻrniga ega boʻlsa, ajab emas. Shu bois ularning tarixiy, turistik goʻzalligini dunyo hamjamiyatiga ochib berishda oʻlka olimlari, yoshlarining saʼy-harakati katta rol oʻynaydi.
Afgʻonistonlik yoshlarning turli sohalarga oid zamonaviy bilimlarni egallashida Oʻzbekiston muhim oʻrin tutib kelmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida bu borada ularga qulay sharoitlar yaratilgan.
Markazda gumanitar, pedagogik va muhandislik-texnik yoʻnalishlarda oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi dasturlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Aytish joizki, mazkur maʼlim markazida qoʻshni davlat yoshlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Jumladan, bu yerda oʻquv binosidan tashqari 150 oʻrinli qishgi va 224 oʻrinli yozgi oshxona, 200 oʻrinli faollar zali, zamonaviy kutubxona, talabalar turar joyi va barcha sport turlariga moʻljallangan oʻyingohlar mavjud. Axborot resurs markazi elektron adabiyotlar va darslik bilan taʼminlangan, internet tarmogʻi orqali boshqa kutubxonalar fondidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Markazda bir nechta taʼlim yoʻnalishlarida Afgʻoniston fuqarolariga muvaffaqiyatli taʼlim berib kelinmoqda. Jumladan, talabalar oʻzbek tili va adabiyoti, yerusti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi, informatika, axborot texnologiyalari, yengil sanoat, agrobiznes, haydovchilik, tikuvchilik hamda boshqa qator yoʻnalishlarda bilim va salohiyatlarini boyitmoqda.
Markazda turizm yoʻnalishi ochilib, bu borada taʼlimni joriy etishda Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi tanlandi. 2022-yildan buyon talabalarga turizmning kirish fanlari, marketing, turoperatorlik faoliyatini tashkil etish, turagentlik xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha dars mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Oʻz oʻrnida, amaliy dars jarayonlari Termiz shahridagi mehmonxonalar, restoran komplekslarida tashkil etilyapti. Shuningdek, talabalar amaliyotini oʻzlari tanlagan turizm sanoati obyektlarida ham oʻtayotir.
Taʼlim tizimida erishilayotgan bunday muvaffaqiyatlar, shubhasiz, ikki qoʻshni davlat oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, birodarlik, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik mevasidir. Sayyohlikning yanada rivojlantirilishi, sohaga malakali kadrlarning tayyorlanishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yangi yoʻnalishlar bilan boyitishiga ishonchimiz komil. Zero, turizm xalqlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Zuhra BERDIBOYEVA,
Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring