Transport vazirligiga qanday eʼtirozlar boʻldi?

18:57 13 Dekabr 2023 Jamiyat
181 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Aholiga transport xizmati koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat transporti yoʻnalishlari tarmogʻini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildilar.

Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga Transport vaziri I. Mahkamov javob berdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda aholiga avtotransport xizmati koʻrsatishni yaxshilash, jamoat transporti yoʻnalishlari tarmogʻini kengaytirish, harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtotransport vositalari bilan taʼminlash boʻyicha Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, sohada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, avtobusda yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, jamoat transportidan foydalanishda yoʻlovchilar uchun qulay tariflar, jumladan, imtiyozli va bepul, cheklangan va cheklanmagan hamda ragʻbatlantiruvchi tariflar belgilanganligi hamda avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi joriy etilganligi aholiga qulayliklar yaratish bilan birga jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda jamoat transporti muntazam ravishda zamonaviy avtobus va elektrobuslar bilan yangilab borilmoqda. Tadbirkorlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida shahar jamoat transportiga moʻljallangan avtobuslar sotib olishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etildi.

“Hukumat soati”da deputatlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga jamoat transporti jozibadorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qator masalalarga eʼtibor qaratishdi. Xususan, deputatlar vazirlik faoliyatida aholining yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish, qatnov muntazamligi, xavfsiz, sifatli va qulay transport xizmatlarini koʻrsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, jamoat transporti harakati ustuvorligini taʼminlash borasidagi ishlarning yetarli emasligini aytdilar.

Bundan tashqari, “Transport toʻgʻrisida”gi qonunda vazirlikning transport sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qoʻyilgan boʻlsada, transport sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, zamonaviy boshqaruv uslublariga asoslangan yagona uygʻunlashgan transport tizimini yaratish boʻyicha choralar koʻrish kabi vazifalar lozim darajada bajarilmayapti.

Xususan, “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda Iqtisodiyot va moliya, Transport, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirliklari hamda Toshkent shahar hokimligiga Davlat byudjeti hisobidan yoki davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahrida koʻp qavatli avtoturargohlarni qurish va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlik subyektlariga avtoturargoh profilini oʻzgartirmaslik sharti bilan sotish amaliyotini joriy etish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan. Lekin shu vaqtga qadar mazkur vazifaning ijrosi bajarilmagani deputatlarning eʼtiroziga sabab boʻldi.

Deputat Tavakkal Choriyev shaharlarimizda avtobus bekatlarining holati talab darajasida emasligi, ularning aksariyat qismidan faqat tijorat maqsadlarida foydalanilayotganiga eʼtibor qaratdi. Markaziy koʻchalarda tirbandlikka sabab boʻlayotgan muammolardan yana biri — avtotransportlar uchun toʻxtash joylarining yetarli emasligi, markazlarga ekologik nuqtayi nazardan avtomobillar kirishini cheklash haqida takliflar anchadan beri ilgari surilayotgan boʻlsada, bu borada ishlarning toʻliq yakunlanmaganligini taʼkidlab, shahar yoʻllarida avtomobillar toʻxtash joylarini, markazlarda esa pulliklarini tashkil etish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilayotganligi yuzasidan savol berdi.

Shuningdek, deputat Sherzod Rahmonovning qayd etishicha, yilning maʼlum davrlarida asosan bayram taʼtillari munosabati bilan talaba yoshlarimizga temiryoʻl va aviachiptalarga chegirmalar eʼlon qilinayotgani, shubhasiz, tahsinga sazovor. Lekin ijtimoiy tarmoqlar, chegirmalar barcha chiptalar sotib boʻlinganidan keyingina eʼlon qilingani, bu yangilik talabalarimiz uchun besamarligi haqida eʼtirozlarga toʻla. Umuman eʼlon qilinayotgan chegirma va imtiyozlarni amalga oshirishga vazirlik imkoniyatlari qay darajada yetarli? Tezyurar poyezdlarga chiptalar taqchilligi, ularning ochiq savdoda kamyobligini hisobga olib, nega qoʻshimcha reyslar qoʻyilmaydi? Bu muammo aviatransportga ham tegishli. Qachongacha temir yoʻl, aviachiptalar masalasi ijtimoiy tarmoqlarda doim shov-shuvga sabab boʻladi?

“Hukumat soati”da deputat Baxitbay Aldamuratov Toshkent shahrida jamoat transporti uchun tashkil etilgan maxsus yoʻlakchalar samaradorligi natijalari, qoʻshni mamlakatlarda 8-10 yildan buyon yoʻlga qoʻyilgan bunday tizimlarning bizda faqat poytaxtda, shunda ham faqat barmoq bilan sanab boʻladigan koʻchalardagina yoʻlga qoʻyilganligi sabablari bilan qiziqib, bu borada Yoʻl harakati xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qanday yoʻlga quyilganligini soʻradi.

Shuningdek, majlisda deputatlar tomonidan saylov okruglardagi saylovchilar bilan uchrashuvlar jarayonida bildirilayotgan takliflar, qolaversa ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlardan kelib chiqib, jamoat transport haydovchilarini tanlash, ularni malakasi va madaniyatini oshirish, jamoat transportidan foydalanishda imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar, xususan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar yuzasidan ham savollar oʻrtaga tashlandi.

Vazir va soha masʼullari tomonidan deputatlar koʻtargan yuqoridagi va boshqa savollarga berilgan javoblar deputatlarni toʻliq qanoatlantirmadi.

Shu sababli Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasiga masalani yanada chuqurroq oʻrganish va kelgusi yigʻilishlarning birida deputatlarga axborot berish topshirildi.

Qizgʻin muhokamalarda deputatlar aholiga transport xizmati koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat transporti yoʻnalishlari tarmogʻini kengaytirish va tizimdagi koʻrsatkichlarni yanada oshirish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер