Transport vazirligi vakillari Leypsigdagi xalqaro transport forumida ishtirok etdi

13:53 02 Iyun 2023 Siyosat
475 0

2023-yil 24-26-may kunlari Leypsig shahrida (Germaniya) “Barqaror iqtisodiyotga koʻmaklashuvchi transport” mavzusida xalqaro transport forumi boʻlib oʻtmoqda. Sammit ishtirokchilari transportning iqtisodiy oʻsish omili sifatida ekologik va ijtimoiy barqarorlikka hissa qoʻshuvchi rolini muhokama qildi.

Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev boshchiligidagi delegatsiya ushbu forumda ishtirok etmoqda va tadbir doirasida Oʻzbekiston tomoni transkaspiy yoʻlagi infratuzilmasini yaxshilash va toʻlovlarni raqamlashtirish, optimallashtirish tizimlarini keng joriy etish orqali milliy tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Oʻzbekiston haydovchilari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish va xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalar sonini koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi.

Transport vazirligi vakillari forum doirasida qator uchrashuvlar oʻtkazdi va tadbir yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasini ESMT koʻp tomonlama kvota tizimiga qoʻshilish boʻyicha ishlarni boshlash, Mongoliya va Oʻzbekiston oʻrtasida ikkita bitim (havo qatnovi va avtomobilda yuk tashish) matni boʻyicha yakuniy ishlarni olib borish va imzolashga tayyorlash maqsadida oʻzbek-mongol ishchi guruhi yigʻilishini joriy yil iyul oyida Mongoliyada tashkil etish, joriy yil III choragida Toshkent shahrida avtomobilda xalqaro yuk tashuvlar boʻyicha oʻzbek-bolgar qoʻshma komissiyasini oʻtkazish va ruxsatnoma blankalari sonini oshirishga kelishish, Litva Respublikasi bilan avtomobilda xalqaro yuk tashish uchun ruxsatnoma blankalari sonini oshirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, 2024-yilda Xalqaro transport forumi Osiyo mintaqasi davlatlarining yuqori darajadagi davra suhbatini (“ITF High-Level Dialogue of Asian Countries”) Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkazish, Oʻzbekiston va Armaniston oʻrtasida avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari boʻyicha Hukumatlararo Bitimni ishlab chiqish takliflari ilgari surildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?