Transport sohasini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

20:27 28 Sentyabr 2022 Siyosat
804 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-sentyabr kuni transport sohasida islohotlarni jadallashtirish masalasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Transport qulayliklari mamlakat rivojini koʻrsatuvchi va buni taʼminlovchi omillardan biri. Yurtimizda soha infratuzilmasi yangilanib, sharoitlar kengaytirilayotgani oʻz natijalarini bermoqda.

Jumladan, aviatsiya bozori erkinlashgani hisobiga oxirgi uch yilda Oʻzbekistonga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar soni 2 baravarga oʻsgan. Avtomobilda xalqaro yuk tashishda mahalliy korxonalarning ulushi 62 foizga yetgan. 300 kilometr temir yoʻl elektrlashtirilgan, 1 ming 500 kilometr avtomobil yoʻli qurilgan.

Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, qilinadigan ishlar juda koʻp. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga koʻra, Strategik islohotlar agentligi tomonidan sohadagi ishlar natijadorligi tahlil qilinganda, bir qator muammolar aniqlangan.

Masalan, oxirgi uch yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 16 foiz oʻsgani holda, temir yoʻlda yuk aylanmasi atigi 7 foiz oshgan. Aviatsiyada raqobat muhiti toʻla shakllanmagan, 10 ta aeroportning samaradorligi past darajada. Oqibatda, raqobatdosh narxlarda yetkazib berish qulayligi boʻyicha Xalqaro logistika samaradorligi indeksida mamlakatimiz 160 ta davlat ichida 120-oʻrinni egallagan.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ham bu soha boʻyicha koʻplab murojaatlar boʻlgan.

Yigʻilishda transport tizimidagi muammolarni hal etish va aniq natijalarga erishish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

– Bu soha – iqtisodiyotning qon-tomiri. Transport va logistikani yangi bosqichga olib chiqmasak, iqtisodiyotning barqaror rivojini taʼminlay olmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda uchta yoʻnalish – temir yoʻl tranziti imkoniyatini keskin oshirish, aviatsiyani qulay, tez va sifatli xizmat koʻrsatadigan sohaga aylantirish, xalqaro tranzit yuklari uchun zamonaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha choralar belgilandi.

Strategik islohotlar agentligi tarkibida transport sohasi boʻyicha alohida guruh tuzib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Davlatimiz rahbari eng asosiysi xalqqa yengilliklar yaratish ekanini alohida taʼkidladi.

Temir yoʻl sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishda katta oʻrin tutishi qayd etilib, bu tizimning quvvatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Xususan, zamonaviy elektr poyezdlar olib kelish, vagonlarni taʼmirlash, nosohaviy aktivlarni chiqarish orqali tizimni moliyaviy sogʻlomlashtirish zarur.

Aviatsiya sohasida ham qulayliklarni koʻpaytirish, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlari aeroportlarini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirib, xizmatlar sifatini yaxshilash kerak.

Prezidentimiz avtomobil yoʻllarining sifati va salohiyatiga alohida toʻxtaldi. Maʼlumki, bu sohada loyihalashtirish, qurish hamda nazorat funksiyalari bitta tashkilotda jamlangan. Buning oqibatida koʻp yoʻllarda sifat yoʻq. Shu bois yoʻl qurilishida ilgʻor standartlarni joriy etish, laborator ishlarni kuchaytirish, pudratchilar masʼuliyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Transport infratuzilmasini kengaytirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan koʻplab vazifalari belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?