Transport-logistika sohasini rivojlantirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilyapti?

19:21 18 May 2021 Iqtisodiyot
837 0

2021-yil 18-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan “Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament soʻroviga transport vaziri I.Mahkamovning javobi atroflicha koʻrib chiqildi.

Parlament soʻroviga javobda qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda transport-logistika tizimini takomillashtirish, ushbu omillardan foydalangan holda yurtimizning eksport salohiyatini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020-yil yakunlariga koʻra “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 41,7 ming tonna yuk tashilib, bu koʻrsatgich 2019-yilga nisbatan 1,45 barobarga oshdi. Yuklarni tashish hajmini oshirish maqsadida qatnovlar Istanbul, Urumchi, Ostrava, Shanxay, Seul, Dehli, Shiszyazyachjuan, Lej yoʻnalishlari boʻyicha oʻtgan yilda qoʻshimcha charter shartnomalar imzolandi.

Ushbu ishlarning bajarilishi natijasida oylik yuk tashuvlar daromadi 1,3 mln. dollardan 5,7 mln. dollarga oshdi. 2021-yil davomida 12 268 ta reys amalga oshirish orqali 1 933 ming yoʻlovchi va 42,5 ming tonna yuk (shu jumladan pullik bagaj va pochta) tashish rejalashtirildi. Joriy yilda yuk tashuvlari hajmini yana-da oshirish maqsadida Toshkent-Gonkong-Toshkent-Tel Aviv-Toshkent va Toshkent-Gonkong-Toshkent-Kiyev-Toshkent yangi yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshirish, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha 2 ming tonna yuk tashish va 5,8 mln. AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha daromad olish koʻzda tutilgan.

Shu bilan bir qatorda, joriy yil 6-aprel kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Innoprom-2021” xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida “Oʻzbekiston Temir yoʻllari” AJ va Rossiyaning “RJD Logistika” kompaniyasi vakillari oʻrtasida oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini muzlatgichli maxsus refrejerator konteynerlarda tashish uchun Agro-Ekspress poyezdlarni tashkil qilishga kelishib olindi. Mazkur yangi yoʻnalish Oʻzbekistonning eksport tashuvlari, ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlari eksporti rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Parlament soʻroviga berilgan javobda eksport qilinayotgan yuklarni qoʻshni davlatlardan temir yoʻl orqali imtiyozli narxlarda oʻtkazish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berilgan.

Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan MDH, Eron va Boltiqboʻyi davlatlari temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar natijasida 2021-yil uchun bir qator chegirmalar olinishiga erishilgan. Bu esa, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga va oʻzbek mahsulotlarining raqobatbardoshligini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, hozirgi kunda Transport vazirligi tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi «Mozori-Sharif-Qobul-Peshavor» va “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” transport va tranzit yoʻlaklarini yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, «Mozori-Sharif-Qobul-Peshavor» temir yoʻlining qurilishi Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyo mamlakatlariga dunyo okeaniga chiqishga eng yaqin yoʻl boʻlib, Janubiy Osiyo temir yoʻl tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yoʻllari bilan uzviy bogʻlash imkonini beradi. Bu oʻz navbatida, mamlakatimiz tranzit salohiyatining keskin oshishiga xizmat qiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida Pokistondan Oʻzbekistonga yuklarni tashish 35 kun emas, balki 3-5 kunni tashkil qiladi.

“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Osiyo Tinch okeani va Xitoydan Qirgʻiziston hamda Oʻzbekiston orqali yuklarni Yevropa mamlakatlariga tashish uchun yangi xalqaro transport koridorini yaratadi. Qolaversa, yuklarni yetkazib berish vaqti keskin qisqarib, Oʻzbekistonning tranzit salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining mazkur parlament soʻroviga yoʻllagan javobini maʼlumot uchun qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?