Tojikistonlik mehmonlar Oʻzbekistonda davlat xizmatlari koʻrsatish tajribasini oʻrganmoqda

13:09 23 Fevral 2021 Jamiyat
178 0

Xabaringiz bor, bugungi kunda davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimi izchillik bilan rivojlanmoqda. Davlat xizmatlari markazlarida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, taqdim etiladigan hujjatlar va xizmat koʻrsatish muddatlari keskin qisqartirilmoqda.

Ushbu islohotlar, albatta uzoq va qoʻshni davlatlar mutaxassislari eʼtiboridan chetda qolayotgani yoʻq.

Xususan, kuni-kecha zamonaviy texnologiyalar orqali tadbirkorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun, Toshkent shahar Chilonzor tumani Davlat xizmatlari markaziga «Tadjikinvest» Davlat unitar korxonasi ijrochi direktori Javoxirlaʼl Muzaffariy hamda Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Isfandiyor Yazdonzoda mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Ikki tomonlama uchrashuvda Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulugʻbek Muhammadiyev ishtirok etib, delegatsiya aʼzolarini Agentlik tashkil topish tarixi, uning bugungi kunda olib borayotgan faoliyati bilan tanishtirdi. Shu jumladan Davlat xizmatlari markazlari va filiallar faoliyati, koʻrsatilgan xizmatlar soni, davlat xizmatlari koʻrsatishdagi muammolar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

Mehmonlar yurtimizda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini keng targʻib qilish, olis hududlarda filiallar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, axborot texnologiyalarini joriy etish, sohada qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti, xalqaro hamkorlik, davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish masalalariga qiziqish bildirdi.

Delegatsiya rahbari Javoxirlaʼl Muzaffariy Tojikiston Respublikasida ham Prezident Emomali Rahmon tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasidagi kabi davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun tizim yaratilayotganligi va ushbu tizimning asoschilari ilgʻor Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun tashrif buyurishganligi haqida taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, Ozarbayjon, Gruziya, Estoniya, Rossiya kabi davlat xizmatlari tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi ham qoʻshni Tojikiston mutaxassislari tomonidan oʻrganilgani, biroq tarixiy, madaniy qadriyatlarimiz yaqin boʻlganligi sababli Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish alohida ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Taʼkidlash joiz, mazkur tashrif davlat xizmatlari koʻrsatishda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun dastlabkisi emas. Avvalroq Belarus Respublikasi mutaxassislari ham Oʻzbekiston Respublikasi tajribasini oʻrganib, davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yuksak eʼtirof etgan.

Uchrashuv yakunida Davlat xizmatlari agentligi tajribasi va imkoniyatlaridan unumli foydalanish uchun keng qamrovli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?