Tojikistonda Fargʻona va Soʻgʻd viloyati tadbirkorlari ishtirokida Biznes-forum oʻtkazildi

09:53 12 Sentyabr 2022 Jamiyat
433 0

Foto: Xalq so‘zi

Tojikistonda Fargʻona va Soʻgʻd viloyati tadbirkorlari ishtirokida Biznes-forum oʻtkazildi. Unda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 19 million dollar boʻlgan 11 ta hujjat imzolandi.

Shu kunlarda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi qoʻshni Tojikistonning Soʻgʻd viloyatida boʻlib qaytdi.

 

Tashrif doirasida ikki qardosh yurt vakillari ishtirokida bayram tadbirlari, sport musobaqalari tashkil etildi. Oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini taʼminlash maqsadida ikki viloyatning 100 nafardan ziyod tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.

Dasturga koʻra, dastlab Tojikistonning Xoʻjand shahrida Fargʻona va Soʻgʻd viloyati tadbirkorlarining yuzma-yuz muloqoti hamda ikki viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda Fargʻona viloyatidan borgan 20 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari keng assortimentdagi mahsulotlari bilan qatnashdi. Ikki hududning investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyatini namoyon etuvchi taqdimotlar oʻtkazildi.

Shundan soʻng Fargʻona va Soʻgʻd tadbirkorlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni imzolash marosimi tashkil etilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada yaxshilash boʻyicha umumiy qiymati 19 million dollar boʻlgan 11 ta hujjat imzolandi.

Fargʻonalik tadbirkorlar Soʻgʻd viloyatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Xoʻjand va Boʻston shaharlarida boʻsh turgan bino-inshootlarni joyiga chiqqan holda oʻrganishdi. Oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichida rivojlantirish maqsadida “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

— Oʻzbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki yaprogʻi, — dedi tadbirda soʻzga chiqqan rishtonlik mashhur kulol Ravshanbek Tojiddinov. — Shu bois hayot tarzimiz va taqdirimiz bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Biznes-forumda korxonamizda tayyorlanadigan kulolchilik mahsulotlarini qoʻshni yurtga eksport qilish borasida yangi kelishuvlarga erishildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?