Tovondagi suyak oʻsimtasi qanday paydo boʻladi?

20:44 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
362 0

Koʻpincha bu xastalik alomati toʻsatdan boshlanadi. Kechqurun uyquga yotasiz-u, tunda tovoningizda simillagan ogʻriq seziladi. Ertalab uygʻongach, vaziyat yanada jiddiylashgani ayon boʻladi. Kuchli ogʻriqdan hatto oyoq bosishga qiynalasiz. Tovoningiz ichida nimadir qadalib, oromingiz yoʻqoladi. Kunduzi dard belgilari susayib, oqshom mahali yana bezovtalik kuchayadi.

Maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyo boʻyicha shunday muammoga duch kelgan 1 million nafardan ziyod kishiga tovon shporasi, yaʼni plantar fassiit tashxisi qoʻyiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan ushbu xastalik sabablari, diagnostika va davolash usullari haqida suhbatlashdik.

— Plantar fassiit — tovon yumshoq toʻqimasining yalligʻlanishi oqibatida hosil boʻladigan suyak oʻsimtasidir, — deydi mutaxassis. — Kasallik sabablari turlicha. Masalan, sakrash, kuchli zarba, kun boʻyi tik oyoqda yurish, yugurish va semizlik oqibatida tovon zoʻriqib, ichki jarohatlar yuzaga kelishi mumkin.

Yassioyoqlik ham xastalikning keng tarqalgan omili. Bunday vaziyatda gavda vazni oyoqlarga notoʻgʻri taqsimlanishi tufayli tovonlar ortiqcha zoʻriqishdan yalligʻlanadi. Natijada ana shu jarohatlar oʻrnida suyak oʻsimtalari shakllanib, harakatlanganda yumshoq toʻqimalarga qadaladi va bemor ogʻriqdan aziyat chekadi.

Shuningdek, revmatoid va artrit kabi boʻgʻim xastaliklaridan soʻng tovon shporasi shakllanishi tibbiy amaliyotda kuzatilgan. Qattiq, baland yoki aksincha yupqa poshnali poyabzallar ham xastalik rivojlanishiga sabab boʻlishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, podagra kasalligi oqibatida organizmdagi tuzlarning tovonga haddan ziyod koʻp choʻkishi baʼzi hollarda boʻgʻimlar va suyaklarga salbiy taʼsir oʻtkazadi.

Xastalik jarayonida ogʻriqlar asta-sekin va tashqi jarohatlarsiz boshlanadi. Yurganda alomatlar yoʻqolib, hordiq olganda yana paydo boʻladi. Undan koʻproq qirq yoshdan oshgan bemorlar aziyat chekishi aniqlangan.

Tovon shporasi tashxisi palpatsiya usulida hamda rentgenografiya yordamida qoʻyilishi mumkin. Tegishli muolajalar buyurishda kasallik bosqichi va bemor holati hisobga olinadi.

Ular orasida yalligʻlanish va ogʻriqlarga qarshi dori-darmon muolajasi, shishlarni bartaraf etish hamda xastalik oʻchogʻidagi qon tomirlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan magnit-rezonans terapiya keng ommalashgan.

Shuningdek, lazer, fonoforez, rentgen, zarbli-toʻlqinli muolaja usullari ham kasallikni davolashda katta samara beradi.

Agar yuqoridagi davolash choralari kutilgan natijani bermasa, xastalik jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etiladi. Hozir buning uchun markazimizda kaminvaziv usuldagi yuqori texnologik operatsiyalar yoʻlga qoʻyilgan. Bu, bemorlarning tez va oson oyoqqa turishiga xizmat qilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?