Tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun bojxona xodimiga 9400 dollar pora berishga uringan shaxs qoʻlga olindi

19:42 09 Fevral 2021 Jamiyat
549 0

Davlat bojxona qoʻmitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar va Fargʻona viloyati bojxona boshqarmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan koʻp bosqichli tezkor tadbir davomida, davlat byudjetiga undirilishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik maqsadida bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxsning kirdikorlari fosh etildi.

Ushbu shaxs tomonidan muqaddam respublikamizga 1 ta konteynerda tovar-moddiy boyliklar olib kirilganida, maʼlumotlar va yuklar oʻrtasidagi tafovutlar sabab, konteyner Fargʻona viloyatidagi manzil bojxona postiga qadar bojxona kuzatuvi ostida yetkaziladi, belgilangan tartibda bojxona koʻrigi oʻtkaziladi va bu jarayonda 800 mln. soʻmlik tovarlar yoʻl-yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagani fosh boʻladi hamda belgilangan tartibda bojxona toʻlovlari undiriladi.

Bojxona nazoratining bu kabi shakllari tabiiyki, tadbirkorning bojxona xodimlari koʻzini shamgʻalat qilish imkonini bermasdi. Shu bois keyingi gal yuklarni olib kirishda ushbu shaxs bojxona toʻlovlaridan qochishga urinib, bojxona xodimlarini yoʻldan ogʻdirish rejasini tuzadi.

2020-yilning dekabr oyida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamlarini topib qoʻngʻiroq qiladi va uchrashib gaplashib olishni taklif qiladi.

Oʻzaro uchrashishganida esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan yetib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga oʻrnatilgan inspeksion koʻrik majmuasi orqali skanerdan oʻtkazmaslikni hamda “Xavfni boshqarish tizimi”da xavf guruhiga kiritmaslikni soʻraydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona koʻrigidan oʻtkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi.

Ammo, oʻz ishiga vijdonan yondashgan bojxona xodimi kasbiga sadoqat namunasini koʻrsatib, belgilangan tartibga muvofiq zudlik bilan bu haqida oʻz rahbariyatini xabardor qiladi. Shundan soʻng, pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqiladi.

2021-yil yanvar oyining boshlarida “tadbirkor” bojxona xodimiga jami 9400 AQSH dollari va 1 dona qimmatbaho qoʻl soatini pora tariqasida beradi. Tezkor tadbir aynan shu yerga kelganida tugatilishi mumkin edi, ammo bu vaqtda konteynerlar hali Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelmagani bois tezkor tadbirning ikkinchi bosqichiga start beriladi.

2021-yilning 14-15-yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner “Chuqursoy texnik idora” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib keladi va belgilangan tartibda inspeksion koʻrik majmuasi orqali koʻzdan kechiriladi.

Tabiiyki, konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar oʻrtasida tafovutlar aniqlanadi hamda chuqurlashtirilgan bojxona koʻrigidan oʻtkazish belgilanadi.

Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Fargʻona viloyatidagi “Qoʻqon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yoʻnaltiriladi. Ushbu postga yetgunga qadar konteynerlar bojxona plombalari bilan muhrlangan holatda boʻladi va ularni yoʻl davomida ochish mumkin emas.

Lekin, konteynerlar Dangʻara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, koʻzdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast yetkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland boʻlgan tovarlar – velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past boʻlgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilinadi.

Shuningdek, bu yerda konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi koʻchgan qismlarni boʻyash uchun boʻyoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olindi.

Shunday qilib, voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd. 160 mln. soʻmlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli oʻlchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSH dollari va 1 dona qoʻl soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?