Toshloqning ilgʻor fermerlari 700 million soʻm foyda olishni rejalashtirmoqda

18:37 01 Oktyabr 2022 Jamiyat
449 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun million egatlarga sochilgan elimizning rizq-nasibasi boʻlgan paxtani oʻz vaqtida yigʻib-terib olish mavsumning har bir ishtirokchisidan faol va fidoyi boʻlishni talab etadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, bu yil Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida 5120 gektar maydondan 18 ming 200 tonna sifatli sanoat xom ashyosi yigʻishtirib olishda mavsum ishtirokchilarining moddiy manfaatdorligini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilayotgani muhim omil boʻlmoqda.

Hozirgi kunga qadar Toshloq tumanidagi paxtachilik yoʻnalishida ixtisoslashgan 166 ta fermer xoʻjaliklari va 90 ta terim otryadlari tomonidan 14,5 ming tonna paxta terib olindi. Koʻplab ilgʻor fermer xoʻjaliklari birinchi terimning oʻzida 42-45 sentnerdan hosil olishga erishayotgani quvonarlidir.

Tumandagi «Asadbek Qobiljon» fermer xoʻjaligida birinchi terimning oʻzida 35 gektar maydonga ekilgan “S-8290” navli paxtaning har gektaridan oʻrtacha 40 sentnerdan hosil olinyapti. Dalada hali 16 gektar yerda birinchi terim turibdi. Fermer xoʻjaligi aʼzolari joriy yilda paxtachilik tarmogʻidan 650-700 million soʻm foyda olishni rejalashtirmoqda.   

 — Birinchi terimning oʻzida har gektar yerdan olinadigan hosildorlikni 45 sentnerga yetkazishni maqsad qilganmiz, —deydi tumandagi “Durdona baraka” fermer xoʻjaligi rahbari Abdujalil Rahimov. — Hozircha 13 gektar yerda birinchi terim boʻlishiga qaramay shartnoma rejasi deyarli bajarildi. Har kuni oʻrtacha 135-150 nafar terimchi paxta termoqda. Oʻtgan haftadan buyon har bir kilo paxta uchun 1700 soʻmdan terim puli, 100 kg paxta uchun 1 kg dan oʻsimlik yogʻi tarqatilyapti. Mavsum boshidan buyon terimchilarga 150 million soʻm terim puli tarqatildi.

Shu yilning 29-sentyabrida Toshloq tumanida terib olingan paxta uchun terimchilarga 17 milliard 509 million soʻmdan ortiq terim pullari tarqatildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?