Toshkentning Olmazor tumanida Oʻzbekiston-Turkiya texnoparki tashkil etiladi

12:22 12 Avgust 2020 Jamiyat
303 0

Turkiyaning eng yirik nashrlaridan biri – “Saboh” gazetasi innovatsiyalar sohasida Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligining yangi bosqichi haqida maqola eʼlon qildi. “Oʻzbekistonga texnopark investitsiyasi” maqolasida turli sohalarni qamrab olgan yirik texnologik loyiha – Olmazor texnoparkini moliyalashtirish haqida soʻz boradi.Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

“Turkiyaning Oʻzbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlagan texnopark loyihasi boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyildi. Bu boradagi ilk qadam – Toshkentdagi Olmazor texnoparki boʻladi” deb boshlanadi maqola.

Turkiya keyingi yillarda turli sohalarda boshlagan milliy texnologiya jarayonlarini eksport qilish darajasiga erishdi va oʻzi erishgan ilmiy yutuqlarni turkiy tilli mamlakatlar bilan oʻrtoqlashmoqda. Turk Kengashi va turkiy tilli davlatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari samarasini bera boshlagach, qoʻshma ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa pandemiya sharoitida aniqlik kasb eta boshladi.

Toshkent shahridagi Olmazor tumanida barpo etiladigan texnopark shunday faoliyatlarning birinchisidir. Hozirda oʻtgan yili memorandum imzolanishi bilan ilk qadam qoʻyilgan qoʻshma texnopark loyihasining tafsilotlari aniq boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifi bilan barpo etiladigan texnoparkda Turkiyaning yuqori texnologiyalar sohasida dunyo boʻylab faoliyat yuritadigan davlat va xususiy korxonalari faoliyat yuritadi. Yer ajratish bilan bir qatorda, Oʻzbekiston ushbu loyihaning infratuzilmasini oʻz zimmasiga oladi, shuningdek mamlakatning ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanadigan kompaniyalari ham jalb qilinadi. Loyihaning Turkiya tomonidan ishtirokchisi esa Istanbul texnoparki boʻladi.

Turk dunyosi birdamlik uyushmasi vitse-prezidenti, investitsiyalarning “meʼmorlari”dan biri Mustafo Jankat Aytek tomonlarning har biri 50 foiz ulushga ega boʻlishini taʼkidladi. Aytek mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish ustida ham ish olib borilayotganini maʼlum qildi.

Mustafo Jankat Aytek Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vazirining oʻrinbosari Oybek Norinboyev boshchiligidagi delegatsiya 2019-yilda Istantul texnoparkiga tashrif qilishganini taʼkidlab, quyidagi maʼlumotlarni berdi: “Ziyorat asnosida Oʻzbekiston delegatsiyasi va Istanbul Texnoparki Bosh direktori Bilol Toʻpchi orasida hamkorlik, shu jumladan mamlakatda qoʻshma texnopark tashkil etish masalalarini oʻz ichiga olgan memorandum imzolangan”.

Mustafo Jankat Aytek, texnoparkda tibbiy vaksinalar va dori-darmon, uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarish, kommunikatsiya sohasida yangi texnologiyalar yaratish, qishloq xoʻjalik va oziq-ovqat sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun keng koʻlamli investitsiyalar kiritilishini aytdi. Aytek: “Bu loyihalarning eng ustun tarafi - dunyo boʻylab yoyilgan turkiy tilli davlatlar olimlarining bilim qudrati oʻz yurtiga qaytadi. Ushbu masalada avvallari oʻz iqtidorlarini namoyon qilolmagan turkiy tilli olimlar investitsiyalarning kirib kelayotgani uchun oʻz sohalarida ishlash niyatida ekanini aytmoqdalar”, dedi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?