Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan taksilarning narxi jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganildi. Natija qanday?

12:44 16 Mart 2020 Jamiyat
8461 0

Hukumatimiz tomonidan koronavirus xavfi sababli respublikamizda karantin eʼlon qilingandan soʻng, joriy yilning 16-martidan barcha taʼlim muassasalarida, jumladan, kollej, litsey va oliy taʼlim muassasalarida muddatdan oldin taʼtil eʼlon qilindi va oʻqishlar toʻxtatildi.

Toshkent shahridan viloyatlarga ketuvchi talabalar va oʻquvchilarga 50 foizlik chegirmalar joriy etildi.

Shuni inobatga olgan holda talabalar va yoʻlovchilarning oʻz vaqtida manzillariga yetib olishni taʼminlash boʻyicha Transport vazirligi tomonidan zarur choralar koʻrilmoqda.

Jumladan, Respublikamiz viloyatlariga boruvchi yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Toshkent” avtovokzali tunu kun 24 soatlik ish faoliyatiga oʻtkazildi.

Yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqqan holda “Uzautotrans service” korxonasi yana qoʻshimcha 35 ta qatnovni yoʻlga qoʻydi. Jami 70 ta qatnov orqali hozirda 4000 ga yaqin yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatilmoqda.

Talaba oʻquvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida temir yoʻl va aviachiptalari 50 foizlik chegirma asosida qator taʼlim muassasalari va talabalar turar joylarining oʻzida sotilishi tashkil qilindi.

Bu albatta ijobiy hol. Ammo ayrim shaxslar borki, mazkur vaziyatdan unumli foydalanib, choʻntagini qappaytirish ilinjida.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 16-mart kuni soat 9-10 lar oraligʻida Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan taksilarning narxi jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganildi.

Unga koʻra, Toshkent – Nukus yoʻnalishi 500000 soʻm, Toshkent – Xorazm yoʻnalishi 500000 soʻm, Toshkent – Buxoro yoʻnalishi 200000 soʻmdan 250000 soʻmgacha, Toshkent – Navoiy yoʻnalishi 200000 soʻm, Toshkent – Surxondaryo yoʻnalishi 300000 soʻm, Toshkent – Qashqadaryo yoʻnalishi 200000 soʻm, Toshkent – Jizzax yoʻnalishi 80000 soʻmdan 100000 soʻmgacha, Fargʻona va Qoʻqon 100000 soʻm, Andijon 150000 soʻmdan 200000 soʻmgacha, Namangan 150000 soʻmni tashkil etayotganligi kuzatildi.

Mazkur maʼlumotlar Toshkent shahridagi Qoʻylik bozori yaqinida vodiyga qatnovchi taksilar joylashgan avtoturargoh hamda Olmazor metro bekati (sobiq Sobir Rahimov) yaqinida joylashgan avtoturargoh va uning atrofidagi taksi haydovchilar bilan qilingan muloqotlar asosida toʻplandi.

Federatsiya xodimlari tomonidan taksi haydovchilariga narxni asossiz oshirmaslik yuzasidan targʻibot-tushuntirish ishlari olib borildi.

“Shuningdek, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi barcha fuqarolarimizdan kafolatli transport xizmatidan foydalanishga chaqiradi.

ESLATMA: agar Siz ayrim insofsiz taksi haydovchilari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga guvohi boʻlsangiz, Davlat soliq qoʻmitasining (71) 244-98-98 “Ishonch telefoni” yoki qisqa “1198” raqamli Sall-markazga, shuningdek, Transport vazirligining (71) “1167” qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingizni soʻraymiz” deyiladi federatsiya xabarida.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер