Toshkentda zamonaviy oʻq otish oʻquv-mashgʻulotlar bazasi ochildi

21:57 21 Avgust 2020 Sport
1041 0

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholining barcha qatlamlari orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, qolaversa, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bu jarayonda sportning Olimpiya turlarini rivojlantirish eng ustuvor vazifalardan biri boʻlib, bugun Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sport markazining zamonaviy oʻq otish oʻquv-mashgʻulotlar bazasining ochilishi ushbu sport turi rivojida yangi bosqichni boshlab beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ayni paytda mamlakatimizda oʻq otish sporti bilan 3 700 nafarga yaqin oʻgʻil-qiz muntazam shugʻullanib kelishmoqda, shundan 800 nafarga yaqini xotin-qizlardir. Ularga 136 nafar trener oʻq otish sporti sir-asrorlarini oʻrgatib kelayotgan boʻlsa, yurtimizda mavjud TIRlar, yaʼni oʻq otish majmualari 122 tani tashkil qiladi.

Mamlakat terma jamoasi tarkibiga oʻq otish sportidan 48 nafar sportchi taklif etilayotgan boʻlsa, shundan 10 nafari Mudofaa vazirligi sport markazi aʼzolari sanaladi.

Shuni taʼkidlash kerak, hamyurtlarimiz oʻq otish sporti boʻyicha muntazam tarzda qitʼa va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib kelishmoqda. Olimpiya oʻyinlari sovrindori, Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Yambulatov, Osiyo oʻyinlari va jahon kubogi singari nufuzli musobaqalar sovrindori Dilshod Muxtorov, Xitoyning Nankin shahrida oʻtkazilgan II oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Vladimir Sveshnikov, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori Server Ibragimov kabi sportchilarni bugun Oʻzbekistondan tashqarilarda ham yaxshi bilishadi.

Quvonarlisi, Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlari kumush medali sovrindori Server Ibragimov Tokioda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi. Bu esa yurtimizda oʻq otish sporti yaxshi rivojlangani va oʻz anʼanalariga ega ekanligini anglatadi.

Bugun poytaxtimizda Mudofaa vazirligi sport majmuasiga qarashli oʻq otish sporti oʻquv-mashgʻulotlar bazasi tantanali ochildi. Unda Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Mudofaa vazirligi sport markazining nomdor sportchilari, Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi vakillari hamda sport faxriylari ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan R.Ermatov sportchi uchun eng avvalo sport infratuzilmasi hamda zamonaviy sport inventarlari, qolaversa malakali trenerlar kerakligini taʼkidlab, bu borada bugun foydalanishga topshirilgan oʻq otish sporti oʻquv-mashgʻulotlar bazasida yaratilgan sharoitlar va mavjud oʻq otish qurollari xalqaro talablarga javob berishi, murabbiylarning salohiyati yuqori ekanligi tez orada ushbu sport turi rivojida oʻz samaralarini berishini aytib oʻtdi. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oʻz tomonidan barcha yordamni berishga tayyorligini ham bildirdi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh mutaxassislar Mudofaa vazirligi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?