Toshkentda Yoshlar huquqlari boʻyicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi qabul qilindi

17:59 02 Oktyabr 2023 Siyosat
60 0

Kecha Toshkentda “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Xalqaro konferensiyaning yopilish marosimida yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba va yondashuvlar muhokama qilindi. Yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha amaldagi xalqaro va mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarni qoʻllash koʻlami tahlil etildi.

Yaqinda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini taʼminlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning yaqqol namunasidir.

Markaziy Osiyoda aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etishini hisobga olgan holda, yosh avlod, uning salohiyatini roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq masalalar alohida ahamiyat kasb etadi.

Toshkent shahrida tashkil etilgan jahon anjumanida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ishtirok etishi ham ushbu forumning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yil 14-sentyabr kuni Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ham Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini taʼminlash maqsadida shu yoʻnalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbeda boʻlib oʻtgan Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa yoshlari manfaatlarini taʼminlash yoʻlida yana bir muhim amaliy qadam qoʻyildi.

Yaʼni, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Forum ishtirokchilari tomonidan yoshlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va imkoniyatlari samaradorligini oshirish yoʻllari taklif etildi. Yoshlar oʻz huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishida duch keladigan asosiy muammolar yoritildi.

Barcha davlatlar siyosatiga yoshlar huquqlarini integratsiya qilishning huquqiy, maʼmuriy va siyosiy asoslarni takomillashtirish yoʻllari va vositalarini ishlab chiqish boʻyicha aniq tavsiyalar ilgari surildi.

Bunday amaliy yondashuv BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshish imkonini berishi taʼkidlandi.

Shu asosda xalqaro forumning yakuniy hujjati – Yoshlar huquqlari boʻyicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va muhokama qilindi.

Ishtirokchilar forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari oʻz mujassamini topgan ushbu muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi saʼy-harakatlar va ilgʻor tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini oʻtashiga ishonch bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?