Toshkentda SHHT Iqtisodiy forumi va Sanoat innovatsion yarmarkasi oʻtkaziladi

12:09 13 Avgust 2022 Siyosat
708 0

Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) 16-17-avgust kunlari Toshkentda SHHT Iqtisodiy forumi va Sanoat innovatsion yarmarkasining oʻtkazilishiga bagʻishlangan brifing tashkil qilindi.

ITSV maʼlumotiga koʻra, brifingda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov jurnalistlar va blogerlarga boʻlajak tadbirlar mintaqaviy va xalqaro miqyosda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi haqida soʻzlab berdi.

Joriy yilning avgust oyida Oʻzbekistonning SHHTga raislik qilishi doirasida jahon hamjamiyati eʼtiborini mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalarga qaratish imkonini beradigan bir qancha muhim xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtdi. Iqtisodiy Forum mamlakatimiz tomonidan soʻnggi bir necha yil ichida olib borilgan va bu yil SHHTga raislik qilinayotgani munosabati bilan faollashgan koʻp qirrali tashqi iqtisodiy siyosatining mantiqiy davomidir. Ushbu formatdagi Forumni Toshkentda oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHTning 2020-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan sammitida ilgari surilgan edi.

Forumning asosiy vazifalari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, SHHT makonida iqtisodiy rivojlanish va amaliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, Forum ishtirokchi davlatlarining investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini oshirish boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Forumda davlat organlari rahbarlari, tashqi iqtisodiy faoliyatga masʼul vazirliklar, shuningdek, SHHT davlatlarining xalqaro tashkilotlari vakillari ishtirok etadi. Uning dasturi Yalpi majlis va “SHHT doirasida istiqbolli investitsiyaviy loyihalar”, “Xalqaro kooperatsiya xususiyatlari va savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash”, “Raqamlashtirish davrida savdo-iqtisodiy hamkorlik”, “SHHT makonida «yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish» mavzularidagi toʻrtta panel muhokamalardan iborat. Bundan tashqari, mehmonlar uchun SHHT Sanoat innovatsion yarmarkasi oʻtkaziladi. Uning maqsadi tashkilot mamlakatlarining innovatsion gʻoyalari, texnologiyalari va loyihalarini tijoratlashtirish uchun sharoit yaratishdir.

Brifing yakunida Aziz Voitov yana bir bor ommaviy axborot vositalari vakillarini forumda faol ishtirok etishga taklif qilib, ushbu xalqaro miqyosdagi tadbirni yoritishda axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер