Toshkentda Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya kengashining 26-yigʻilishi boʻlib oʻtadi

19:44 28 Noyabr 2022 Siyosat
471 0

Oʻzbekiston elchisi Said Rustamov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdoʻstlik va taraqqiyot vazirligi davlat kotibining parlamentdagi oʻrinbosari Leo Dokerti bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston - Buyuk Britaniya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Leo Dokerti Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonini olqishlar ekan, ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Buyuk Britaniyaning Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli koʻp qirrali, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini yanada kengaytirish tarafdori ekanligi alohida qayd etildi.

Joriy yil 30-noyabr kuni Toshkent shahrida ikki davlat rasmiy idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 nafardan ortiq yuqori martabali vakillari ishtirokida Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashining (UBTIC) 26-yigʻilishi oʻtkazilishining muhimligi taʼkidlandi. Tadbir yakunida savdoni kengaytirish, infratuzilma, xususiylashtirish, moliyaviy xizmatlar, shuningdek, taʼlim sohalarida loyihalarni qamrab oladigan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Leo Dokerti bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida bir qator tadbirlar, jumladan, oʻzaro tashriflar, shuningdek, dekabr oyida Toshkent shahrida ikki davlat tashqi siyosat va boshqa idoralarining yuqori martabali vakillari ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер