Toshkentda Oʻzbekistonda sugʻurta faoliyatini rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

18:16 28 Iyun 2022 Iqtisodiyot
1667 0

Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sugʻurta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi, Toshkent moliya instituti va «Oʻzbekinvest» eksport-import sugʻurta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil qilinib, unda xalqaro sugʻurta hamjamiyati, sohaning mahalliy va xorijiy ekspertlari hamda tahlilchilari ishtirok etdi.

Anjumanda Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sugʻurta sektorining rolini oshirish, iqtisodiyotning real sektori, tashqi va ichki investitsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni sugʻurta yoʻli bilan himoyalashning xalqaro tajribasini oʻrganish va muhokama qilish, fuqarolarga koʻrsatiladigan sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish va aholining sugʻurta madaniyatini oshirish, sugʻurta bozorini tartibga solishning prudensial normalarini takomillashtirish hamda sugʻurta faoliyatini raqamlashtirish va axborot xavfsizligini taʼminlash borasida soha ekspertlari tomonidan qimmatli fikrlar bildirildi.

Konferensiyaning yalpi yigʻilishida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasida sugʻurta xizmatlari bozori jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganligini, xususan, bugungi kunda 42 ta sugʻurta kompaniyalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga 150 dan ortiq sugʻurta xizmatlari koʻrsatilayotganligini alohida qayd etdilar.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiyaning 4 ta yoʻnalish boʻyicha tashkil etilgan seksiyalarida davom etgan yigʻilishlarda davlatga tegishli yirik sugʻurta kompaniyalarini transformatsiya qilish, sugʻurta kompaniyalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, sugʻurta bozori professional ishtirokchilari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishning xalqaro standartlarini joriy qilish, eng muhimi, sugʻurta mahsuloti isteʼmolchilarining manfaatlarini ishonchli himoyasini taʼminlash borasida amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar xususida fikr almashildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga tobora integratsiyalashuvi, global xavf-xatarlarning oshib borishi, xalqaro sugʻurta hamjamiyati, sohaning ekspertlari va tahlilchilari oldiga hal etilishi dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan qator vazifalarni ilgari surayotganligi ushbu xalqaro anjumanda maʼruza bilan chiqish qilgan xorijlik olim va mutaxassislar tomonidan alohida tilga olindi.

Konferensiya ishida 200 ga yaqin soha mutaxassislari, ekspertlar, tahlilchilar, professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Jumladan, Polsha, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Qozogʻiston va Tojikiston kabi davlatlardan olim va mutaxassislarning oʻz maʼruzalari bilan chiqishlari konferensiya qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?