Toshkentda ommaviy qabullar haftaligida qanday masalalar koʻtarilmoqda?

20:32 27 Noyabr 2020 Jamiyat
316 0

Poytaxtimizdagi ommaviy qabullar haftaligi doirasida muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining xalq bilan muloqoti tashkil qilindi. Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Mudofaa, Tashqi ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutasaddilari alohida shoʻbalarda aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi. Har bir masala ochiq-oshkora, eng muhimi, yuzma-yuz muhokama qilinib, ularga qonuniy-adolatli yechim izlandi.

Ommaviy qabulda Oliy sud mutasaddilariga 137 nafar, Bosh prokuratura masʼullariga 91 nafar, Ichki ishlar vazirligiga 56 nafar murojaatchi oʻzlarining arizalari, shikoyatlari va takliflari bilan yuzlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari uchun yagona muloqot maydoni yaratib berilgani esa sud-huquq sohasidagi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq masalalarni hamjihatlikda oʻrganish imkonini berdi. Har bir soha boʻyicha tuman – shahar – respublika tizimidagi rahbarlarning bir stolda jam boʻlib, murojaatlarni tinglashi esa har bir masalaga samarali yechim topishning muhim omili boʻldi.

Ancha yil Toshkent moliya institutida huquqshunos boʻlib ishlagan Mirgʻani Akbarov noqonuniy ishdan boʻshatilganidan shikoyat qilmoqda. Uning murojaatini yaqinda Toshkent shahar prokuraturasi oʻrganib chiqqanida, bu fuqaroning chindan ham noqonuniy ishdan boʻshatilgani aniqlandi. Murojaatining oʻrganilish holatini bilish uchun ommaviy qabulga kelgan Mirgʻani Akbarovga uni noqonuniy ishdan boʻshatganlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani maʼlum qilindi. Shahar prokuraturasi masʼullari bu masalaga adolatli yechim topib, fuqaroning huquqlarini himoya qilish va tiklab berishni, qonuniy manfaatlari amalda taʼminlanishini qatʼiy nazoratga oldi.

Chirchiq shahrida yashovchi Shahnoza Qulfiddinovaning turmush oʻrtogʻi mayor Sherzod Umurov 2014-yili xizmatni oʻtayotgan vaqtida vafot etgan. 6 yildan beri farzandlarini yolgʻiz oʻzi ulgʻaytirayotgan bu ayol Mudofaa vazirligi masʼullaridan 17 yoshli oʻgʻli Rustamni muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun amaliy yordam soʻrab qabulga keldi. Vazirlik masʼullari bu ayolga oʻgʻlining ota kasbini munosib davom ettirishi uchun qonun doirasida barcha yordamni koʻrsatishga vaʼda berdi.

Bekobodlik Oʻktam Hamroyev oilasini ham anchadan beri oʻylantirayotgan masalaga shu ommaviy qabulda yechim topildi. Gap shundaki, Oʻktam aka bu qabulda Mudofaa vazirligi masʼullariga oilaviy sharoitini tushuntirib, 2014-yildan beri shartnoma asosida Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat oʻtayotgan oʻgʻli Feruz Hamroyevning xizmat joyini uyiga yaqin harbiy qismlardan biriga koʻchirilishida amaliy yordam soʻradi. Bu murojaat ham tez orada hal qilib beriladigan, Oʻktam Hamroyev farzandining xizmat joyi Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan biriga koʻchiriladigan boʻldi.

Taʼkidlash joizki, sud-huquq sohasidagi ommaviy qabulda barcha masala, u sud yo prokuratura, ichki ishlar yoki adliya, soliq yoxud bojxona masalalari boʻlishidan qatʼi nazar, qoʻshimcha oʻrganish va tekshirishlarni talab qiladi. Yaʼni, sud adolatli yo adolatsiz qaror qabul qilgani, tergov ishlarida xato-kamchiliklar bor-yoʻqligini aniqlash, alhol nohaqdan haqni ajratib olib, adolatli qaror qabul qilish uchun, albatta, vaqt kerak.
Deylik, toshkentlik Ulugʻbek Ibragimov bir paytlar ichki ishlar tizimida ishlagan,soʻng, murojaatchining aytishicha, u noqonuniy ishdan boʻshatilgan. Ommaviy qabulda oʻzini ishga tiklab berishlarini soʻragan Ulugʻbek Ibragimov ovning murojaatini qonuniy oʻrganib chiqish va adolatli hal qilishni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻz nazoratiga oldi.

Poytaxtlik Temur Murodov ham qurilish korxonalaridan biridan noqonuniy ishdan boʻshatilganini aytib, prokuratura masʼullaridan qonuniy huquqlarini himoya qilish va tiklab berishda amaliy yordam soʻradi. Masʼullar bu murojaatni har tomonlama chuqur, qonuniy va xolis oʻrganib chiqib, adolatli yechim topib berish uchun oʻzlariga besh kun muddat belgilashdi.

Tadbirkor Gulsara Umirova rahbarligidagi qurilish korxonasi Mirobod tumanidagi obyektlardan birida 130 mln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirgan boʻlsa-da, 2019-yil aprel oyidan buyon 130 mln. soʻmlik xizmat haqini haligacha undira olmayotgan ekan.Majburiy ijro byurosi masʼullari bu masalani hal qilib beradigan boʻldi.

Prezident Xalq qabulxonalari Toshkent shahrida tashkil qilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining ommaviy qabulida 414 nafar murojaatchining 431 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 86 tasiga joyida yechim topilgan boʻlsa, 95 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 250 ta murojaat boʻyicha esa aniq muddat va masʼullar belgilanib nazoratga olindi.

Poytaxtimizdagi ommaviy qabullar haftaligi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?