Toshkentda Markaziy Osiyo umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilinmoqda
Bugun Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (MOMIH) mamlakatlari energetika vazirlarining birinchi muloqoti oʻz ishini boshladi. Eʼtiborlisi, mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etildi.
MOMIHga aʼzo davlatlar energetika vazirlari tomonidan qoʻshma deklaratsiya imzolanishi ushbu anjumanning yorqin voqeasi boʻldi.
Qayd etish joiz, ushbu hujjat aʼzo davlatlarga “MOMIH-2030” uchun umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish majburiyatini yuklaydi.
Deklaratsiya 9 banddan iborat. Unda mamlakatlarning 2030-yilgacha umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri - toza energiyadan foydalanishga erishish borasida hamkorlik qilish oʻz ifodasini topgan.
Ramziy jihati shundaki, mazkur hujjat BMTning joriy yil 24-25-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan barqaror rivojlanish sohasidagi sammiti arafasida imzolandi.
“MOMIH-2030” yangi energetika strategiyasi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilyapti. Uning maqsadi BMTning barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq mintaqada 2030-yilgacha ishonchli, barqaror, isloh qilingan energiya bozorlarini yaratishdir.
– Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻymoqda. Oʻzbekiston moliyaviy va ekologik jihatdan barqaror energiya sanoatini rivojlantirish tarafdoridir. Biz oʻz maqsadimizga erishish uchun MOMIH mintaqasining boshqa davlatlari va xalqaro moliya manbalari bilan ishlashdan umidvormiz, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov.
Deklaratsiyani imzolagan mamlakatlar, shuningdek, quyidagi majburiyatlarni oldi:
- 2023-yilgacha shamol va quyosh energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni ikki barobarga koʻpaytirish;
- xususiy sektorga investitsiyalar kiritilishini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish uchun investorlarga maʼqul meʼyoriy-huquqiy bazani yaratish boʻyicha islohotlarni amalga oshirish;
- MOMIH doirasida moliyalashning mintaqaviy mexanizmlarini yaratish;
- MOMIH mintaqasida energetika sohasida kam sonli boʻlgan ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish.
Oʻz navbatida Markaziy Osiyo energetika investitsiya forumi mazkur tadbirning mantiqiy davomiga aylandi. U ishtirokchilarga tabrik soʻzi va “Markaziy Osiyoda investitsiyaviy toʻsiqlarni bartaraf etish: oʻtish davrida energetika bozoriga biznesni jalb qilish” taqdimoti bilan ochildi.
Forumning birinchi kun dasturidan jabhaga oid taqdimotlar va muhokamalar joy oldi. Energetika sektorini investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish katalizatori sifatida isloh qilish masalalari ular ichida eng dolzarbi ekanligi qatnashchilar tomonidan eʼtirof etildi. Oʻz navbatida B-2-B formatida muzokaralar ham oʻtkazildi.
Forum ertaga oʻz ishini davom ettiradi. Unda Markaziy Osiyoda energetik oʻtish(muqobil energiya vositalariga oʻtish)ni qanday qilib daromadli biznesga aylantirish mumkin degan savolga javob izlanadi. Shu mavzu boʻyicha OTBning Energetika sektori boʻyicha guruhi, Germaniya energetika agentligi vakillari chiqish qilishadi. Shundan soʻng Power China International Group Limited, KB Global Investments, ACWA kompaniyalari rahbariyati ishtirokida muhokamalar tashkil etiladi. Qolaversa, mintaqaviy startaplar va innovatsion biznes modellar namoyish qilinadi.
Maʼlumot uchun, MOMIH dasturi Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi bilan 2001-yilda tashkil etilgan boʻlib, iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va umumiy rivojlanish maqsadida hamkorlik qilish boʻyicha 11 mamlakat hamda hamkorlarning birgalikdagi faoliyatini namoyon etadi. Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Afgʻonistan, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Mongoliya, Pokiston, XXR, Tojikiston, Turkmaniston mazkur tashkilotning aʼzolari hisoblanadi.
Dilshod Ulugʻmurodov(“Xalq soʻzi”),
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Дунёнинг энг кекса кишиси Ўзбекистонда яшашига ишонасизми? Нега у ҳалигача Гиннеснинг рекордлар китобига киритилмаган?
- Dunyo aholisi qachon 9 milliarddan oshadi?
- Prezidentning Maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisiga qoʻshimcha vakolatlar berildi
- Shavkat Mirziyoyev Jo Baydenga taʼziya bildirdi
- 2025-yil uchun ijara toʻlovlarining minimal stavkalari eʼlon qilindi
- 2024-yilda davlat byudjetiga qancha soliq tushumlari tushgan?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring