Toshkentda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

10:20 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
436 0

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan oʻz vaqtida qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Xususan, Departamentning Uchtepa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.T.” MCHJ rahbari A.N. va boshqalar kredit taʼminoti sifatida MCHJga qarashli 7 ta maxsus texnikalar mavjudligi va taqiqda emasligi haqida soxta maʼlumotnomalar tayyorlab, bank muassasidan 2,5 mlrd soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Dehqonobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.P.” xususiy korxonasi rahbari S.X. tijorat banki filialidan naslli chorva mollarini sotib olish uchun 100 000 AQSH dollari kredit ajratilishga erishib, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali chorva mollarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, juda koʻp miqdordagi kredit mablagʻini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Pop tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “J.I.” MCHJ rahbari B.A. hududiy tijorat banki filiali sobiq boshqaruvchisi M.O. bilan oʻzaro til biriktirib, bank filialidan maxsus texnikalar sotib olish uchun ajratilgan 980 mln soʻm kreditning garov taʼminotini toʻliq taʼminlamasdan, maxsus texnikalarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Izboskan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.B.” MCHJ rahbari B.Q. va boshqalar tijorat banki filialidan “Volvo Ew 145 B” rusumli ekskavator xarid qilish uchun ajratilgan 845 mln soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro I.Ya. bank muassasi masʼul xodimlari bilan oldindan oʻzaro til biriktirib, “S.M.” MCHJga 800 mln soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni soxta monitoring dalolatnomalari tuzish orqali “R.T.” MCHJga uskuna olish uchun oʻtkazish yoʻli bilan talon-taroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?