Toshkentda IX-X asrlarga oid boʻlgan arxeologik yodgorlik aniqlandi

15:54 06 Iyul 2022 Jamiyat
582 0

Toshkent shahar Yashnabod tuman “Ibrat” MFY Iftixor koʻchasida joylashgan “Changallik” qabristonida olib borilgan arxeologik kuzatuv-qidiruv ishlarida IX-X asrlarga oid boʻlgan arxeologik yodgorlik topildi.

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Dilmurod Normurodovning aytishicha, Chirchiq daryosining oʻng tomonida, daryo oʻzanidan 220 metr uzoqlikda joylashgan ushbu qabriston shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga choʻzilgan. Uning uzunligi 390 metr, kengligining qisqa joylari – 75 metr va eng keng joyi 125 metrni tashkil qiladi. Qabristonning oʻrtasida yon-atrof tekislikdan 2 metr balandlikda, maydoni 0.44 gektar keladigan toʻrtburchak shakldagi tepalik ajralib turadi. Tepalik koʻzdan kechirildi va uning oʻrnida arxeologik yodgorlik aniqlandi.

Tepalik sirtidan IX-X asrlarga oid boʻlgan, sirlanmagan, ammo qora boʻyoq oqizib va tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari, 20x20x3-35 santimetr hajmda pishgan gʻishtlar topildi.

Oʻrganilgan tepalik eskidan qabristonga aylantirilgan boʻlib, uning butun maydoni kichik doʻnglik va chuqurchalardan iborat. Tepalikni koʻzdan kechirish jarayonida marmartoshdan uzun qilib yoʻnilgan, arab yozuvi oʻyib yozilgan yodgorlik — qabrtosh aniqlandi. Qabrtoshdagi yozuvlarga qaraganda u xijriy 1317-yilda vafot etgan shaxsga atab qoʻyilgan.

Tepalikda yana ikki dona shunga oʻxshash qabrtosh mavjud boʻlib, qabristonning alohida joyga olib borib qoʻyilgan. Ulardan biriga 1295, ikkinchisiga 1313 raqami yozilgan. Qabrtoshlardagi yillar hijriy-qamariy hisobda yozilgan boʻlib, milodiy XIX asrning 4-choragiga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, hududni oʻrganish asnosida qabriston qorovuli tomonidan topilgan koʻzacha ham davlat muzeylariga topshirish uchun qabul qilib olindi. Koʻzacha qabrlarni suvash uchun keltirilgan tuproq orasidan chiqqan va asrab-avaylab kelingan.

Ushbu topilmalar “Changallik” qabristonining arxeologik yodgorlik ekani bildiradi. Mutaxassislar milodiy IX-X asrlarda bu hududda qishloq mavjud boʻlgani va XIX asrdan eʼtiboran qabriston vazifasini oʻtab kelayotganini maʼlum qildilar.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?