Toshkentda hokimlik yerini 420 ming  AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi

11:47 26 Yanvar 2022 Jamiyat
289 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik

Tezkor oʻtkazilgan tadbirlar davomida Toshkent shahri, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qoʻyildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK xodimi oʻzining 3 nafar jinoiy sherigi bilan kelishgan holda, Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan va Toshkent tumani hokimligi zaxirasida boʻlgan 30 sotix yer maydonini koʻp qavatli turar-joy barpo etish uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ajratib berilishini vaʼda qilib, evaziga qurilish firmasi rahbaridan 420 ming AQSH dollari talab qilishadi. Ular soʻralgan pul mablagʻidan 42 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Urgut tumanida yashovchi, 1997 va 1998-yilda tugʻilgan 2 nafar fuqaro oʻzganing nomida boʻlgan fermer xoʻjaligiga tegishli 50 sotix suvli yer maydonini firibgarlik yoʻli bilan xaridorga 65 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, pulning yarmini olgan  vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Samarqand viloyatining boshqa bir tumani xususan, Jomboyda  yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan shaxs ham Davlat kadastrlar palatasining mazkur tumandagi filiali xodimi bilan kelishgan holda, hokimlik zaxirasida boʻlgan 25 sotix boʻsh yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 24 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo'lga olingan.

Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tuman filiallaridan birining rahbari mahalliy fuqaroning yashash xonadoni yonida joylashgan 38 sotix yer maydonini auksion orqali sotib olishda koʻmaklashish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga undan 6,5 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qiladi. DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻidan 6 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryo tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan fuqaro ham oʻzganing ishonchiga kirib, Guliston tumani hokimligi zaxirasida boʻlgan 6 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX va IJQK Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq, Samarqandda 30.000 AQSH dollariga yer sotayotgan advokat ushlangan edi. Shuningdek, fuqaroga 50 gektar yer olib berishni vaʼda qilgan ikki muhandis qoʻlga olingani haqida xabar bergan edik.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер