Toshkentda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan yillik maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi

21:53 31 Yanvar 2023 Siyosat
484 0

Joriy yilning 31-yanvar kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasida FTA koʻmagida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning bajarilishini muhokama qilish va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni belgilab olishga bagʻishlangan IV yillik maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida (ISSV) maʼlumotiga koʻra, tadbirda Fransiya taraqqiyot agentligi, Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Fransiyaning “Expertise France” xalqaro texnik ekspertiza agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston tegishli vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida maʼlum qilinganidek, 25-27-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan texnik yigʻilishlarining birinchi bosqichida Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, chorvachilik va aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan jami 814 million yevrolik 9 ta FTA loyihasining hozirgi holati muhokama etildi.

Uchrashuvlar yakuni boʻyicha 2023-yilda loyihalarni amalga oshirish doirasidagi qator tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Shuningdek, maslahatlashuvlar davomida FTA faoliyati, uning 2022-yildagi asosiy yutuqlari va 2023-yilda Oʻzbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi. Taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga davlat tashrifi FTA va Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kuchli turtki boʻldi.

Tadbir soʻngida har ikki delegatsiya vakillari energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suvdan foydalanish va barqaror moliyalashtirish sohalarida qoʻshma loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?