Toshkentda chorvachilikni barqaror rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi

20:35 22 Iyun 2022 Iqtisodiyot
812 0

Foto: “Xalq soʻzi”

2022-yilning 21-23-iyun kunlari Toshkent shahrida “Barqaror chorvachilik global dasturi” doirasida gibrid shaklda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining koʻp tomonlama hamkorlik boʻyicha 2-mintaqaviy yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Anjuman Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan “Chorvachilik — barqaror oziq-ovqat tizimlari rivoji uchun” shiori ostida tashkil etildi. Tadbirda offlayn shaklda qariyb 140 soha vakillari va ekspertlar, jumladan, 9 ta davlatdan 25 nafar xorijiy mehmon ham ishtirok etmoqda.

Aholining xavfsiz va arzon oziq-ovqatga boʻlgan talabini qondirish bilan birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilgan holda chorvachilikning barqaror va inklyuziv rivojlanishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Oʻzbekistonda chorvachilik tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini keng joriy etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinganligi ham shundan dalolat beradi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan dastur ham ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining koʻp tomonlama hamkorlik boʻyicha 2-mintaqaviy yigʻilishi yanada inklyuziv va barqaror chorvachilik tizimini yaratish uchun birgalikdagi harakatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

“Barqaror chorvachilik global dasturi” chorvachilik sohasida ushbu sohani barqaror rivojlantirish tarafdori boʻlgan keng doiradagi manfaatdor tomonlarni birlashtiradi. Koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmi orqali dastur ishtirokchilari manfaatdor tomonlarga oʻz majburiyatlarini bajarish, investitsiyalarni jalb qilish, ilgʻor tajribalarni joriy etish va 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash uchun strategik qarorlar qabul qilishda yordam beradi. Dastur bir qator tashabbuslarni amalga oshiradi, jumladan, vebinarlar, nashrlar, tajriba loyihalari, mintaqaviy va global uchrashuvlar hamda shu orqali butun dunyoda chorvachilikni barqaror rivojlantirish uchun harakatlar va siyosiy qarorlarni asoslash uchun zarur boʻlgan oʻzaro muloqot, ilmiy maʼlumotlarni umumlashtirish  va tarqatishni ragʻbatlantiradi.

Yigʻilishda turli mamlakatlardan olingan misollar yordamida soha yutuqlari, shuningdek, yanada barqaror, bardoshli va inklyuziv oziq-ovqat tizimlarini yaratish maqsadida chorvachilikni yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan kelgusidagi harakatlar boʻyicha istiqbolli majburiyatlar koʻrib chiqildi.

Mushtariy ORTIQOVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?