Toshkentda asos solingan platforma mintaqaviy hamkorlikka xizmat qilmoqda

19:18 27 Noyabr 2023 Siyosat
58 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPEKA sammitidagi nutqi mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Toshkentda asos solingan mazkur platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida oʻzining nihoyatda zarurligini yaqqol koʻrsatdi. Uning doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilindi.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsion jarayon chuqurlashayotgan bir sharoitda ushbu dastur doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish ehtiyoji paydo boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston yetakchisi hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga eʼtibor qaratib, SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan mintaqaviy savdoni ragʻbatlantirish, eksport-import operatsiyalarini tartibga solish, “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, transport, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat xavfsizligini, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

– Bu yana bir bor Oʻzbekistonning islohotlar siyosati dunyo qanchalik notinch boʻlishiga qaramay tinch va totuvlik, birgalikda rivojlanish maqsadlari asosiga qurilganidan dalolat beradi, – dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov.

Shundan soʻng deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilib, jismoniy va yuridik shaxsga tegishli boʻlgan transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan taqdirda, transport vositalarini fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanish huquqini olgan hamda ushbu transport vositalaridan foydalanayotgan shaxslarning oʻzlari maʼmuriy javobgarlikka tortilishini belgilash nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ishonchnoma asosida yuridik shaxsga tegishli transport vositalarini boshqarayotgan haqiqiy yoʻl harakati qoidabuzarlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish imkonini beradi va bu orqali transport vositalarini ishonchnoma asosida ijaraga berish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining oʻrinli eʼtirozlari bartaraf etiladi. Shuningdek, ularga ushbu sohada qoʻshimcha qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, deputatlar qonun loyihasini qoʻllab-quvvatladilar.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер