Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda

08:15 16 Iyul 2024 Siyosat
287 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy taʼlim tizimida sifatni oshirish va xalqaro oʻquv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu kunlarda oliy taʼlim muassasalariga qabul imtihonlari boʻlib oʻtmoqda. Bu yil unda 805 ming nafar abituriyent ishtirok etmoqda.

Mutasaddilar 2024/2025-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi boʻyicha axborot berdi. Qayd etilganidek, bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda. Toʻlov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Davlat rahbari oliy taʼlim muassasalariga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakat rivoji va mehnat bozori talablariga eʼtibor qaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Mamlakatda muhandis kadrlarga talab yuqori. 20-iyun kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida bu sohadagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish vazifasi qoʻyilgan edi.

Masalan, hozir Surxondaryoda Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti bor. Ularni yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi.

Yangi universitetda Ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi. Bu maktabning yoʻnalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

Universitetning boshqaruv va oʻqituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qoʻyildi.

Davlat rahbari tarmoq, korxona va oliy taʼlim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, oʻz sohasida ilgʻor, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston prezidentining 2023-yil sentyabr oyida AQSHga tashrifi chogʻida taʼlim sohasi boʻyicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.

Uning faoliyati 2024/25-oʻquv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.

Bu boradagi tashkiliy chora-tadbirlar va kelgusi maqsadlar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер