Toshkent viloyatidagi iqtisodiy-ijtimoiy muammolar tanqidiy koʻrib chiqldi

21:37 05 Aprel 2021 Jamiyat
388 0

Nurafshonda Toshkent viloyat hokimligi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda, Senat Ishchi guruhining hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarni oʻrganish borasida aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar natijasi muhokama etildi. Yigʻilishda tegishli Qoʻmita raislari, senatorlar, viloyatning sektor rahbarlari, tashkilot va korxonalar mutasaddilari, viloyat Kengashi deputatlari ishtirok etishdi.

Senat Ishchi guruhining Toshkent viloyatida olib borgan oʻrganish natijalari atroflicha tahlil qilinarkan, tumanlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, joylarda ayollar salomatligini tiklash, ularga tegishli soha mutaxassislari tomonidan malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatish, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi muammolar oʻz yechimini topmayotganligi aytildi..

—Senat Ishchi guruhining viloyatga har galgi tashrifida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu jumladan 2020-yil 6-oktyabr kuni oʻtkazilgan sayyor yigʻilishda belgilangan vazifalar ham tizimli ravishda bajarilmoqda, — dedi Senat Raisi Tanzila Narbayeva. — Byudjetga jami 445 milliard soʻm, shundan mahalliy byudjetga 244 milliard soʻm qoʻshimcha daromad manbalari aniqlanib, 83,2 milliard soʻm qoʻshimcha soliqlar hisoblanishi taʼminlandi. Mahalliylashtirish boʻyicha 7 ta istiqbolsiz loyihalar 14 ta yangi loyihalar bilan almashtirildi. Shuningdek, Senat qarori bilan viloyatda ijrosi taʼminlanmay kelgan umumiy qiymati 294,4 milliard soʻmlik 12 ta loyiha ishga tushirilishiga erishildi. Mahalliy byudjetdan maqsadli va samarali foydalanishda qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan 50 nafar mansabdorlar javobgarlikka tortilib, keltirilgan 1 milliard soʻmlik zarar undirildi. Byudjetga esa 22 milliard soʻm miqdoridagi soliq toʻlanishiga erishildi.

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar jarayonida aniqlanishicha viloyatda 380 ta MFY oʻz binosiga ega emas! Xoʻsh endi oʻylab koʻring fuqarolar u yoki bu masaladagi muammosini qaysi binodagi oqsoqolga aytadi.?! Ohangaron, Toshkent, Qibray, Quyi Chirchiq, Boʻka, Yangiyoʻl, Chinoz tumanlarida infratuzilma tizimi shakllanmagan. Bu aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.

Yana bir ogʻriqli nuqta bu mahallalardagi taʼmirtalab ichki yoʻllarning oʻz holiga tashlab qoʻyilganidir. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi ham koʻngildagidek emas.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Toshkent, Qibray, Chinoz, Quyi Chirchiq tumanlaridagi sektor rahbarlari bugungi kun talabi darajasida ishlolmayaptilar. Ijtimoiy muammolarni «mahallabay» hal etish tizimining mazmun mohiyati aholiga toʻliq yetib bormagan. Natijada xotin-qizlarning koʻpchiligi “ayollar daftari”ning vazifasi xususida tasavvurga ega emaslar. Bu daftarga ijtimoiy himoyaga muhtoj, ogʻir oilaviy sharoitda yashayotgan xotin-qizlar kiritilishi lozim boʻlsada, oʻziga toʻq oilalar vakillari shu roʻyxatga tiqishtirilgan. Sababi, kimgadir uy-joy, kimgadir esa imtiyozli kredit zarur boʻlgan. Bu koʻzboʻyamachiliklarni negadir sektor rahbarlari ilgʻamayotir yoki koʻrib koʻrmaslikka olmoqda...

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimi faoliyati ham qoniqarsiz ahvolda. Ona va bola salomatligini asrash, sogʻlom ayoldan barkamol farzand dunyoga kelish tamoyiliga amal qilinmayapti. Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda tizim rahbariyati masʼuliyatni his etmayotir. Yigʻilishda ular faoliyatiga haqqoniy baho berish vaqti kelganligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, viloyat xalq taʼlimi, MTM, Bandlik, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, Agrobank va Xalq bankining hududiy boʻlimlari faoliyatini qayta koʻrib chiqish lozimligi ham uqtirildi.

Ayniqsa, Chinoz tumanida aholi muammolari bilan ishlash oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Taʼmirtalab xonadonlar va ijara uylarida yashayotgan hamda nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatish oʻrniga, ularning murojaatlari chetga surib qoʻyilmoqda.

Yigʻilish ishtirokchilari va deputatlar Senat Ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan barcha masalalar yechimini topish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shodiyor Mutaharov
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?