Toshkent viloyatidagi ayrim saylov uchastkalari tugatildi

17:28 14 Sentyabr 2021 Siyosat
409 0

Nurafshonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻldi. Unda, Toshkent viloyati va shahrining maʼmuriy hududiy tuzilishi oʻzgarishi sababli okrug tasarrufidagi Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlaridagi 25 ta saylov uchastkalari tugatilgani maʼlum qilindi. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 27-avgustdagi tegishli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrugi hududi boʻyicha saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan 4 ta tuman hokimlarining taqdimnomalari bu xulosaga asos qilib olindi.

Okrug saylov komissiyasining qaroriga koʻra,Zangiota tumanidagi 303-, 304-, 305-, 306-, 309-, 310-, 311-, 312-, 313-, 314-, Yuqori Chirchiq tumanidagi 703-, Oʻrta Chirchiq tumanidagi 834-, 835-, 836-, Qibray tumanidan 897-, 904-, 905-, 906-, 907-, 908-, 909-, 910-, 911-, 912, 913-saylov uchastkalari hudud roʻyxatidan chiqarildi.

Endilikda, 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining tegishli qarorlariga asosan, viloyatda ilgari xabar berilganidek, 988 ta emas, balki, 963 ta saylov uchastkasi faoliyat koʻrsatadi.

Yigʻilish soʻnggida Nurafshon shahridagi saylov uchastkalari raislariga guvohnomalar topshirildi.

Olmaliq shahrida ham 77 ming 765 nafar fuqarolar ovoz berishiga yuksak tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan 41 ta saylov uchastkasi komissiyalari aʼzolari, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari va yoshlar vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda mazkur siyosiy jarayonga Olmaliqda bir qator tadbirlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Jumladan, barcha saylov uchastkalari atrofi obodonlashtirildi, mahallalardagi ichki yoʻllar taʼmirlanib, asfalt yotqizildi. Irrigatsiya(ariq, zovur, kanal va chiqindi yoʻllari) va ichimlik suv tarmoqlari tartibga keltirildi. 1 ming 520 nafar imkoniyati cheklangan saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ovoz berish manzillarining kirish va chiqish qismiga 16 ta yangi nishab (panduslar) qurildi. Barcha binolar telefon va internet aloqasi bilan toʻliq taʼminlanib, zamonaviy kompyuterlar oʻrnatildi.

Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?