Toshkent viloyatida yangi zamonaviy aeroport quriladi

12:50 28 May 2018 Jamiyat
2467 0
"O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK

Toshkent viloyati Qibray tumanida “Toshkent-Sharqiy” aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasi qurilmoqda.

Norma bergan xabarga ko‘ra, loyiha Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi tegishli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Qarorda qayd etilishicha, ayni paytda Qibray tumanida joylashgan “Toshkent-Sharqiy” aerodromi Mudofaa vazirligi tasarrufidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga o‘tkazilgan. Kompaniya ayrim vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Toshkent-Sharqiy” aerodromining binolari, inshootlari va loyiha maydonini, shuningdek qurilish zonasiga kirmaydigan hududlarni aniqlagan.

Kun.Uz bergan xabarga ko‘ra, “Toshkent-Sharqiy” yangi quriladigan aviatsiya majmuasida oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va kuzatishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.

Birinchi bosqichda, uchish-qo‘nish chizig‘i va sutkasiga 6 ming yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan terminal barpo etish rejalashtirilgan. Barcha qurilish ishlari 2018-2020 yillarda davom etishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq loyiha qiymati 430 million dollarga baholangan “Toshkent-4” terminali qurilishi o‘tgan yili to‘xtatib qo‘yilgandi. Qurilish aholi turar joylari va boshqa binolar buzilishini, Qorasuv kanali yoqasidagi hududdan aholini ko‘chirishni talab etishi bois, bu tuman aholisi tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lgan.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?