Toshkent viloyatida Koreya universitetining filiali ochilishi kutilmoqda

02:47 21 Sentyabr 2021 Jamiyat
483 0

Toshkent viloyatida Koreya universitetining filiali ochilishi kutilmoqda.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, viloyat hokimi Davron Hidoyatov Koreya Respublikasi “Hwashin Cyber” universitetining MDH davlatlari boʻyicha bosh mutaxassisi Kim Sunggi bilan olib borgan muloqotida mazkur masala muhokama qilingan.

Uchrashuvda “HWASHIN CYBER UNIVERCITY” taʼlim muassasasining 10 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan investitsiya mablagʻlari hisobiga Toshkent viloyatida Koreya Respublikasi universitetining filialini ochish taklifi oʻrtaga tashlangan.

Suhbat davomida mazkur loyihaning imkoniyatlari va ikki taraflama manfaatli jihatlari haqida toʻxtalib oʻtilgan. Taʼkidlanishicha, taʼlim dargohida sport zal, madaniyat saroyi, kutubxona binolarini qurish, taʼlim klasterini tashkil etish, buning uchun universitet qoshida maktabgacha taʼlim muassasasi, umumtaʼlim maktab binosi, 600 oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish, taʼlim jarayonini tashkil etishda mutaxassislik fanlaridan darslarga malakali xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb qilish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, universitetda tahsil olayotgan talabalarga oʻz yoʻnalishlarida oʻquv mashgʻulotlarini Koreya Respublikasi “Hwashin Cyber” universitetida davom ettirib, tegishli tartibda ushbu universitet diplomini olish imkoniyatini yaratib berish tartiblarini joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida hamkorlik yuzasidan memorandum imzolashga kelishib olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?