Toshkent viloyatida “BAYIR” uloq-koʻpkari sport klubi ish boshladi

04:05 31 May 2021 Sport
1438 0

Toshkent viloyati Toshkent tumanida “BAYIR” uloq-koʻpkari sport klubining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Shu munosabat bilan kuni kecha tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Bobojonov, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zuhra Mirgaziyeva, Toshkent tumani hokimi Odilxon Rustamov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi raisi Nabijon Joʻrayev hamda Toshkent tumani sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2021-yil 11-martda qabul qilingan «Yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori mamlakatimizda sport sohasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi tashabbusi bilan davlat – xususiy sherikchilik asosida yangidan qad koʻtargan “BAYIR” uloq-koʻpkari sport klubi faoliyatining boshlanishi ham ana shu islohotlar samarasidir.

Quvonarlisi, sport klubi murabbiylarida milliy gʻururimiz boʻlgan 100 bosh qorabayir zotli otlarni choptirish, boqish va parvarishlash, shuningdek, milliy va anʼanaviy ot oʻyinlarini oʻrgatishga moʻljallangan barcha zarur sharoitlar muhayyo qilingan.

Tadbir avvalida Toshkent viloyati hokimi va mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan soʻng “BAYIR” uloq-koʻpkari sport klubida tarbiyalanayotgan chavandozlar va tulporlar ishtirokida koʻrgazmali uloq-koʻpkari musobaqasi tashkil etildi.

Darvoqe, tadbir doirasida Oʻzbekiston sport faxriylari kengashining raisi B.Maxsitov yurtimizda uloq-koʻpkari va ot sporti rivojiga oʻzining munosib ulushini qoʻshib kelayotgan sport jonkuyari, Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi raisi Nabijon Joʻrayevni “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi.

Shuni taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbarining yilqichilikni rivojlantirishga qaratgan alohida eʼtibori yoshlar orasida uloq-koʻpkari sportiga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirib, ushbu sport klubida yangi avlod chavandozlari, viloyat, respublika, jahon chempionatlari gʻoliblari yetishib chiqishiga hamda ot sportining xalqaro dovrugʻini oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?