Toshkent viloyatida 6420 ming gektardan ortiq yer maydoni suv tejamkor texnologiyalar orqali sugʻorilmoqda

08:27 27 Iyul 2022 Jamiyat
300 0

Foto: Illustrativ foto

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda suv tejamkor uskunalar, innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Ayni maqsadlarda mamlakatimizda turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4499 - sonli qarori shular jumlasidandir.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan mazkur qaror ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar, Toshkent viloyati boʻyicha jami 4381ming 500 gektar paxta maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan boʻlib, hozirgi kunda ushbu texnologiyalar toʻliq ishga tushirilgan. Xususan, Bekobod tumanida 143 gektar, Boʻka tumanida 541 gektar, Quyi Chirchiq tumanida 579 gektar, Oqqoʻrgʻon tumanida 866 gektar, Piskent tumanda 414 gektar, Oʻrta Chirchiq tumanida 949 gektar, Chinoz tumanida 692 gektar, Yuqori Chirchiq tumanda 194 gektar paxta maydonlarida suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Shu bilan bir qatorda viloyatda 1050 gektar bogʻ va tokzorlarda ham suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.

Tomchilatib sugʻorish usulining afzalliklaridan biri, suv butun dalaga emas, balki ekinning ildiz qatlamiga suv va oziq moddalar bilan birga eritilgan holda yetkazib beriladi. Va sugʻorishda ekinning ildiz qatlamida bir xil namlik saqlanadi. Natijada ekin oʻz energiyasini faqat hosilni koʻpaytirish uchun sarflaydi, suv va oziq moddalar behudaga isrof boʻlishini oldi olinadi.

Bu boradagi tadbirlarni yanada kengaytirish maqsadida bogʻdorchilikka ixtisoslashgan 170-200 gektar tokzor va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini tomchilatib, 400 gektar maydonlarni esa koʻchma egiluvchan quvurlar orqali sugʻorish rejalashtirilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, koʻchma egiluvchan quvurlar poliyetilendan yasalgan yumshoq quvur koʻrinishidagi shlanglar tizimi boʻlib, ulardan asosan, egatlab sugʻoriladigan ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi. Odatda koʻchma egiluvchan quvurlarni egat olib ekiladigan bir yillik, xususan, gʻoʻza, gʻalla, piyoz, kungaboqar, lavlagi, makkajoʻxori kabi ekinlarni sugʻorishda qoʻllash yaxshi samara beradi.

Qishloq xoʻjaligi ekinlari koʻchma egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorilganda, oʻqariq va shoxariqlardan suvning tuproqqa shimilib isrof boʻlishining oldi olinib, suv barcha egatlarga bir xilda taraladi.

Demak, tomchilatib, yomgʻirlatib hamda poliyetilen shlanglar orqali sugʻorish orqali nafaqat suv resurslari tejaladi, balki hosildorlik ham ortadi. Natijada aholini sifatli va arzon qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi ekinlarini chet davlatlarga eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Shu oʻrinda yana bir maʼlumot, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan gʻalla maydonlarini tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan boʻlib, Yuqori Chirchiq tumanida 44 gektar, Boʻstonliq tumanida 440 gektar, Oʻrta Chirchiq tumanida 503 gektar gʻalla maydonlarida ushbu sugʻorish usulidan keng foydalanmoqda. Viloyat boʻyicha jami 987 gektar gʻalla maydoni tomchilatib sugʻorilmoqda.

Shuningdek, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan boʻlib, Quyi Chirchiq tumanida 16 gektar, Oʻrta Chirchiq tumanida 46 gektar, Yangiyoʻlda 101 gektar, Qibray tumanida 174 gektar, Ohangaron tumanida 410 gektar, Toshkent tumanida 25 gektar, Oqqoʻrgʻon tumanida 38 gektar va Parkent tumanida esa 240 gektar maydonilarda uskunalar toʻliq ishga tushirilgan. Toshkent viloyat boʻyicha jami bogʻ va tokzorlarning 1050 gektar maydoniga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.

Koʻrinib turibdiki, tomchilatib sugʻorish, eng avvalo, suvdan oqilona foydalanishni taʼminlaydi. Bu tizim nafaqat hosildorlikni, balki mehnat unumdorligini ham oshiradi. Shu bilan birga yerning meliorativ holatini yaxshilashga, agrotexnik tadbirlarni samarali amalga oshirishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер