Toshkent viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi muammolar nimada?

22:54 30 Dekabr 2021 Jamiyat
1176 0

Toshkent viloyati oʻzining moʻtadil iqlimi, yer osti boyliklari zaxirasi, togʻ-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish salohiyati yuqoriligi bilan mamlakatimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Bu eʼtirof viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayevning Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida hudud aholisiga murojaatida ham bir necha bor taʼkidlandi. Deputatlar ishtirokida 2021-yil yakunlari sarhisob qilinib, 2022-yilning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan ushbu anjuman, hududdagi, “mendan ketgunicha, egasiga yetgunicha” qabilida ish tutuvchi ayrim boqibegʻam rahbarlar, hokimlar va mutasaddilarni hushyorlikka chaqirdi.

Viloyat rahbari taʼkidlaganidek, 3 million nafarga yaqin aholi istiqomat qiluvchi hududda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortmoqda. Sanoat, xizmatlar koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish-pudrat ishlari rivojlanmoqda. Ayniqsa, kichik biznesni taraqqiy ettirish hamda investitsiya loyihalari koʻlamini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar taqdim etgan tahlillarga qaraganda, viloyatda metallurgiya, yengil sanoat, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,4 dan 2 barobarga ortgan. Ayniqsa, mahalliy sanoatni rivojlantirish negizida 139 ta loyiharni amalga oshirish hisobiga jami, 850,0 mlrd. soʻmdan ortiq mahalliylashtirilgan, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga erishilib, chetdan keladigan mahsulotlar hajmi 85 mln dollarga kamaygan. Bu, albatta, viloyat gʻaznasiga qoʻshilgan muhim ulushdir. Shuningdek, kooperatsiya aloqalarini kengaytirishda ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Viloyatning Ohangaron, Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq kabi sanoat hududlarida eksport qilinuvchi mahsulotlar hajmi yil sayin ortayapti. Ishlab chiqarish korxonalaridagi iqtisodiy oʻsish natijalari albatta, birinchi navbatda ishchi-xizmatchilar va shu hudud aholisi turmush farovonligini yuksalishiga yoʻnaltirilmoqda.

Hayotbaxsh dasturlar

Toshkent viloyati rahbari bu yutuqlarni qisqacha shunday baholadi: “47 ta kichik sanoat va 3 ta erkin iqtisodiy hududlarda 11847 ta, jumladan, kichik sanoat hududlaridagi 137 mlrd. soʻmlik 21 ta loyihalar hisobiga 674 ta, ish oʻrinlari yaratildi.

Dasturga asosan rejalashtirilgan 296 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 340,1 mln. Dollarga yoki rejaga nisbatan 114,9 foizga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa, 105,4 foizga oshishi kutilmoqda.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 4 025 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 636 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 13.334 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

2021-yil yakuniga qadar barcha dasturlar hisobiga jami 15,1 trln. soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 983 ta (reja 357 ta) loyihalar ishga tushirilishi natijasida 4,5 trln. soʻmlik yangi ishlab chiqarish quvvatlarida 24,8 mingdan (reja 11,8 ming) ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi”.

Deputatlar eʼtiboriga havola etilgan keyingi yutuqlarni Z. Mirzayev quyidagicha sharhladi:

“Viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham bir qator ijobiy natijalar mavjud. Jumladan, maktabgacha taʼlim sohasida mahalliy byudjet va homiylik mablagʻlari hisobiga 14 ta, davlat xususiy sheriklik asosida 6 ta, xususiy tashabbus hisobiga 11 ta, oilaviy nodavlat yoʻnalishida esa 625 ta tarbiya maskanlari barpo etildi. Bular hisobiga viloyatdagi 218,6 ming nafar bogʻcha yoshidagi bolalarning 144,9 ming nafari yoki 66,3 foizi qamrab olindi”.

Xalq taʼlimi tizimida ham ushbu dasturlar doirasida mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan jami 458,9 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga yangi maktablar qurish, eski inshootlarni joriy va mukammal taʼmirdan chiqarish, yangi sport zallarini oʻquvchilar ixtiyoriga topshirish ishlari amalga oshirilgan.

Biroq...

Eʼtirof etilgan yutuqlar bilan birga hududda bir qator kamchilik va muammolar ham yoʻq emas. Birgina taʼlim sohasida 20 ta hududda yangi maktab qurishga ehtiyoj bor, 147 ta maktabga qoʻshimcha binolar zarur. 113 ta maktab esa mukammal taʼmirga muhtoj, 182 ta taʼlim dargohlarida sport zali yoʻq yoki 14 ta maktablar uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan

Viloyatning tibbiyot tizimi ham tezkor islohotlarga muhtoj. 1182,5 ta vrachlik lavozimlari vakant holatida. Boʻstonliq, Bekobod, Quyi Chirchiq, Toshkent, Boʻka, Yuqori Chirchiq, Piskent tumanlari va Angren, Bekobod shaharlari aholisining tegishli tibbiyot maussasalariga qilgan murojaatlari tahliliga koʻra, ushbu hududlarda yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, endokrin va onkologik kasalliklar darajasi yuqoriligi qayd etilmoqda. Olmaliq, Chirchiq, Angren shaharlari hamda Yuqori Chirchiq, Ohangaron, Quyi Chirchiq, Chinoz tumanlarida goʻdaklar oʻlimi darajasi viloyat koʻrsatkichidan yuqoriligicha qolmoqda. Ohangaron, Zangiota, Qibray tumanlari va Ohangaron shahrida esa onalar oʻlimi koʻrsatkichlari baland.

Bu raqamlar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbarlarini jiddiy oʻylashga undaydi. Biroq undan tezkor xulosa chiqaradigan mutasaddilar bormikan? Chunki aynan hududning tibbiyot sohasi qator yillardan buyon depsinishdan chiqolmayotir. Joylarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish madaniyati toʻliq shakllanmagan. Oliy maʼlumotli va tajribali mutaxassislarga ehtiyoj katta. Shu bois aholi tomonidan soha xodimlariga jiddiy eʼtiroz bildirilmoqda.

 

Kamchiliklarga murosasizlik deputatlarning ham vazifasidir

 

Iqtisodiy tahlillar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, davlat maqsadli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish borasida ham talaygina muammolar mavjud. Xizmat koʻrsatish sohasida ham yutuqlar bilan maqtanib boʻlmaydi. Ayniqsa, Ohangaron, Piskent, Quyi Chirchiq, Chinoz tumanlarida bu boradagi ishlar achinarli ahvolda.

Viloyatning 13 tumanida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun zarur boʻlgan — sement, sirtqi toshlar, ohaktosh, qum-shagʻal, gʻisht-cheripitsa, silikat buyumlar, keramzit kabi 8 turdagi noyob xomashyo zxhirasi mavjud boʻlsa-da, ulardan samarali foydalanib, bu hududlarda sanoatni rivojlantirish, minglab yangi ish oʻrinlari yaratish tashabbusi yoʻq.

Toshkent viloyati rahbari bu muammolarni oʻrtaga tashlarkan, bunday oʻziboʻlarchilik holatlariga tezda barham berish deputatlarning ham vazifasi ekanini uqtirdi.

Bugungi kunda Olmaliqda yirik togʻ-kon korxonasi mavjud boʻlsa-da, qimmatbaho toshlar va rangli metallarni qayta ishlaydigan zargarlik sanoati faoliyati yoʻlga qoʻyilmagani kishini oʻylantiradi. Agar joylarda aholiga xizmat koʻrsatuvchi zargarlik ustaxonalari, doʻkonlari ochilsa, odamlar oddiy zirak yoki uzuk xarid qilish va taʼmirlatish uchun poytaxtga qatnash  muammosidan xalos boʻlishardi. Shuningdek, qishloq joylaridagi 527 ta mahallalarda odamlar uchun eng zarur boʻlgan sartaroshxona, etikdoʻzlik ustaxonasi, goʻzallik saloni, dorixonalar yetishmaydi.

Viloyatdagi yana bir dolzarb muammo bu — hududda yetishtirilayotgan 1 600 tonna pillaning 70 foizi shu yerda birlamchi qayta ishlansa-da, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tayinli korxonaning yoʻqligidir. Ayniqsa, bir qator tumanlarda ipakchilik borasida katta imkoniyatlar boʻla turib, aholining ipak va shoyi matolari toʻqishga boʻlgan intilishlari, tajribasi inobatga olinmayotir. Pilla yetishtiruvchi tumanlar aholisining kosiblik va hunarmandchilikka yoʻnaltirish loyihalari ishlab chiqilganida edi, viloyatdagi ishsizlik koʻrsatkichi sezilarli darajada kamaygan boʻlardi. Chunki, bugungi tahlillarga koʻra, hududda mehnatga layoqatli aholining 124 ming nafari ishsizlar roʻyxatiga kiritilgan. 135 ming nafar kishi esa xorijiy davlatlarga mehnat migranti sifatida chiqib ketishgan.

Viloyat rahbari yana bir dolzarb masalada ibratli tashabbusni ilgari surdi. “2021-2022 oʻquv yilida 30624 nafar 11-sinf oʻquvchilari oʻrta taʼlim dargohlarida tahsilni tugallaydi. Ularning bilim saviyasini bugundan kechiktirmay mukammallashtirish lozim. Shu bois viloyatdagi OTMlarda faoliyat olib boruvchi 110 nafar professor-oʻqituvchilar oliy taʼlim dargohlariga kirish imtihonlarida talab etiladigan bilim saviyasi past, deya qayd etilayotgan maktablarga biriktiriladi”,-deya, taʼkidladi Z. Mirzayev.

Rejalarda uzilish sezilmoqda

Toshkent viloyatida sanoat yalpi mahsuloti ishlab chiqarish va uni eksport qilish hajmi ortishi barobarida xorij bozorlarini  meva-sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlash rejalarida uzilish sezilmoqda. Bu oqsoqlik Boʻstonliq, Bekobod, Ohangaron va Qibray tumanlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

 Jumladan, Boʻstonliq tumanidagi “Bananza tade export” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 9,3 mln dollar, Ohangaron tumanidagi “Expo ohan”da 3,4 mln. dollar, Qibray tumanidagi “Serious status” MCHJda esa 2,8 mln. dollarlik eksport rejalari umuman amalga oshirilmagan.

Bu tahlillar, meva-sabzavot yetishtirish borasida boy tajriba toʻplagan ushbu tumanlar imkoniyatidan unumli foydalanish ilinjida tashkil etilgan tegishli korxonalar rahbarlarining xoʻjakoʻrsinga faoliyat yuritayotganini bildirmaydimi?! Afsuski, shunday!

Viloyat rahbari taʼkidlaganidek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida Yangiyoʻl, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Piskent, Zangiota tumanlari hamda Angiren va Yangiyoʻl shaharlaridagi ahvol hudud koʻrsatkichidan ham past darajada qolayotir.

Maʼlumotlarda viloyatda  jami 39 ta klasterlar faoliyat yuritayotgani qayd etilsa-da, mavjud 6 ta paxta-toʻqimachilik, 16 ta meva-sabzavotchilik klasterlari zamon talablariga toʻliq moslashmagan. Ularda tegishli mahsulotlarni chuqur qayta ishlash imkoniyati mavjud boʻla turib, undan samrali foydalanish mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois, birgina paxtani qayta ishlash borasida ip-kalava yigirish jarayoni soʻnggi bosqich boʻlib qolayotir. Uni toʻqib matoga aylantirish, boʻyash, tayyor mahsulot holida chetga eksport qilish jarayonlarini oʻzlashtirish tufayli minglab yangi ish oʻrinlarini yaratish mumkin.    

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?