Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 5 trln. 196 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozlar qoʻllanildi

19:31 28 Noyabr 2022 Jamiyat
597 0

Foto: Xalq so‘zi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan davlatimiz rahbarining “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ushbu hujjatda 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab, bojxona nazoratini olib borishda toifadan tashqari maqomdagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” (MED) bojxona postlari tashkil etilishi belgilangan. Unga koʻra, ushbu xizmat dastlab Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida hamda Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmalarida tashkil etildi.

 — “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” (MED) tizimi yoʻlga qoʻyilishi bojxona xizmatini isloh qilish va uni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirishda muhim qadam boʻldi,—deydi Toshkent viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xodimi Nargiza Zuxurova.— Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari bilan yuk deklaratsiyasini amalga oshirishdagi talab va tartib-qoidalar soddalashtirilib, bevosita muloqotsiz, masofaviy ishlash imkoni yaratildi. MED xizmat tizimi tashkil topgan vaqtdan bugunga qadar 31 nafar xodim tomonidan jami 135 ming 306 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.

Tegishli soha mutaxassislarining maʼlumotiga koʻra, 2022-yil yanvar — oktyabr oylari davomida poytaxt viloyati bojxona postlari orqali 1 mlrd. 930 mln. AQSH dollari miqdoridagi tovar eksport qilingan.

Ushbu xizmat xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlarda qayd etilishicha, 2022-yil yanvar — oktyabr oylarida import va eksport tovarlarining tashqi savdo aylanmasi 5 mlrd. 244 mln. AQSH dollarini tashkil etgan. Bojxonachilar tomonidan esksportga chiqarilayotgan mahsulotlar viloyat hududidan Xitoy, Qozogʻiston, Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Turkmaniston kabi davlatlar sari yoʻl olmoqda.

Foto: Xalq so‘zi

Albatta, bu xizmatlarning ijobiy samarasi birinchi navbatda davlat byudjetiga tushumlar miqdori oshib borayotganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Shunga koʻra, tegishli chegara postlari orqali hujjatlarni MED tartibida rasmiylashtirish natijasida davlat gʻaznasiga 3 trln. 990 mlrd. soʻm miqdordagi pul mablagʻlari oʻtkazildi. Oʻz navbatida hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga berilgan imkoniyat va qulayliklarga asosan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan viloyat hududiga olib kirilgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va xomashyolarga bojxona toʻlovlarini toʻlashda 5 trln. 196 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozlar ham qoʻllanildi.

— Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi nufuzi va investitsiya jozibadorligini oshirishda fuqarolar hamda yuridik shaxslarning bojxona postlaridan oʻtishida hujjatlar rasmiylashtiruvi jarayonidagi qulaylik hamda xalqaro talablar darajasidagi xizmat turlari muhim oʻrin tutadi. Bu borada MED bojxona postining ahamiyati beqiyosdir, — deydi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti boshligʻi Rustam Ahmedov. — Chunki,u tashkil qilinishidan oldin TIF bojxona postlarida xodimlar tomonidan deklaratsiyalarni rasmiylashtirish koʻrsatgichi turlicha boʻlgan edi. Yaʼni qaysidir postda oʻrtacha kuniga 1 ta, boshqasida 5-7 ta yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan. Yangi tizim tufayli bu xizmat bojxona posti xodimlariga teng taqsimlanmoqda. Ish samaradorligi ortib, kuniga oʻrtacha 5-10 ta bojxona deklaratsiyasi imzolanyapti. Eʼtiborlisi shundaki, bu jarayonda soatlab ortiqcha vaqt sarflash va boshqa ovoragarchiliklarga ham chek qoʻyildi, xizmatlar toifalanib, tezkorlik taʼminlandi. Bojxona koʻrigi, yuklarni koʻzdan kechirish, ularni qayta yuklash jarayonlari tamoman soddalashtirildi. Ilgari bojxona yuk deklaratsiyasini imzolashga oʻrtacha 4 soat 17 daqiqa sarflangan boʻlsa, bugungi kunda ayni jarayonga ketadigan vaqt sezilarli qisqardi.

Mutaxassislarning fikricha, masalaning yana bir muhim jihati shundaki, Toshkent viloyatidagi barcha MED bojxona postlarida tegishli koʻrik va hujjatlarni rasmiylashtirishning xodimlar oʻrtasidagi taqsimoti inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda. Barcha postlarda tezkor axborot almashish uchun messenjer dasturi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, avval oʻtkazilgan bojxona koʻrigi natijasini keyingi bojxona postlarida koʻrish imkoniyati mavjud. Barcha nazorat postlarida videoaloqa va IP telefon xizmatidan unumli foydalanilayotir. Tizimdagi bunday tezkorlik fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati kun sayin mukammallashib borishiga asos boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер