Toshkent va Qashqadaryoda psixofaol dorilar savdosiga chek qoʻyildi

20:01 18 Avgust 2025 Jamiyat
211 0

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “G.T.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi F.M. xaridorga tegishli kirim hujjatlari boʻlmagan xorijda ishlab chiqarilgan 50 dona “Omnadren 250” dori vositasini 3 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Sergeli tuman boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan Yo.I. va boshqalar fuqaro A.A.ga 14 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,1 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Mirishkor tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “O.F.M.” MCHJ dorixonasi masʼul shaxslari dorixonada xorijda ishlab chiqarilgan 50 dona tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi modda mavjud “Gabapentin-S3” nomli dori vositasini tegishli litsenziya olmasdan sotuvga qoʻyganliklari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Maʼlum qilinishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?