Toshkentda tirbandlik kuzatilayotgan koʻp qatorli yoʻllarning bir qismi jamoat transporti uchun ajratiladi

22:54 23 Noyabr 2020 Siyosat
573 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahrida yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi.

Poytaxtimizda aholi ham, transport vositalari ham koʻpayib bormoqda. Oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, yaʼni 2 baravar oshgan.

Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. Yangi yoʻllar, koʻpriklar, yerusti metrosi qurilmoqda.

Xususan, joriy yilda Toshkent metropolitenining “Yunusobod” yoʻnalishida 2 ta stansiya hamda yerusti xalqa yoʻlining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Jamoat transportida 56 ta yoʻnalish maqbullashtirildi. Bular natijasida 170 ming aholining transport xizmati yaxshilandi, ularning transportga ketadigan vaqti oʻrtacha 15-20 minutga qisqardi.

Lekin poytaxtimiz koʻchalarida yuklama koʻp, yoʻl harakatini tartibga solishda kamchiliklar yetarli. Transport vositalari tirbandligi yildan-yilga ortib borayotir.

Shu bois davlatimiz rahbari Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha topshiriq bergan edi.

Poytaxtimiz koʻchalaridagi muammolar kompleks oʻrganib chiqildi. Geoinformatsion tizim orqali transport va yoʻlovchilar oqimi tadqiq qilindi.

Bugungi taqdimotda ana shu tahlillar natijalari haqida axborot berildi.

Toshkent shahrida 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud boʻlib, ularning 200 tasida transport vositalarini tezkor oʻtkazish darajasi past. Avtomobil toʻxtash joylari yetishmasligi sababli yoʻlning birinchi qatorida mashinalar yigʻilib, qatnovga xalaqit bermoqda. Haydovchilar uchun maʼlumot belgilari ham yetishmaydi. Piyodalar va velosipedlar harakati uchun qulaylik kam.

Shu kabi kompleks tahlillar asosida Toshkent shahrida yoʻl infratuzilmasi va jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha bosh rejaning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi.

Xususan, poytaxtdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish, bu orqali oʻrtacha toʻxtashlar sonini 71 foiz va vaqtini 48 foiz, tirbandlikni 64 foiz, yoqilgʻi sarfini 34 foizga kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Toshkent shahrida jamoat transportini yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari yoʻlovchi tashish xizmatlaridan aholi mutlaqo norozi ekanini taʼkidladi. Masalan, 79 ta yoʻnalishdagi avtobuslar intervali tigʻiz paytlarda 30 minutgacha kechikmoqda. Oqibatda odamlar boshqa transport vositalaridan foydalanishni afzal bilmoqda. Bugungi kunda shahar jamoat transportida bor-yoʻgʻi 33 foiz yoʻlovchi yurmoqda. Rivojlangan mamlakatlar poytaxtida bu koʻrsatkich 60-70 foizni tashkil etadi. 

Shu bois mavjud infratuzilmani yaxshilab, jamoat transporti harakatining tezligi va aholi uchun qulayligini taʼminlash vazifa qilib qoʻyildi.

Davlat rahbari jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yoʻnalishli taksi korxonalarini bir-biriga bogʻlash, axborot texnologiyalari asosida ularning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash kerakligini taʼkidladi.

Buning uchun metropolitenni boshqarish hamda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining buyurtmachi va nazorat funksiyalari shahar transport boshqarmasiga oʻtkaziladi. Moliyalashtirish ham boshqarma tomonidan amalga oshirilib, transport korxonalariga haqiqiy bajarilgan ish hajmi, bosib oʻtilgan masofaga qarab mablagʻ ajratiladi.

Mutasaddilarga Toshkent shahar jamoat transportini yagona tizim asosida tartibga solish, moliyalashtirish va tabaqalashgan tariflarni belgilash boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Tirbandlik kuzatilayotgan koʻp qatorli yoʻllarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy koʻchalarda parkomatlar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yoʻlakchalarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.   

“Toshshahartransxizmat” jamiyatini toʻliq transformatsiya qilish, Transport universiteti faoliyatini takomillashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Jamoat transporti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yoʻl-transport tizimini qayta koʻrib chiqib, markaziy koʻchalarni namunaviy tarzda oʻzgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?