Toshkent shahrida “Rossiya va Oʻzbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi

21:23 10 Sentyabr 2021 Siyosat
854 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda “Valday” xalqaro munozara klubi hamkorligida joriy yilning 20-sentyabrida Toshkent shahrida “Rossiya va Oʻzbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi.

Ushbu konferensiya institut hamda klub oʻrtasida 2019-yil Samarqandda boshlangan muloqotning davomi boʻlib, Oʻzbekiston va Rossiya ekspertlarining hamkorlikdagi ikkinchi tadbiri hisoblanadi.

Tadbirda ikki mamlakatning yuqori martabali vakillari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Andrey Rudenkolar qatnashishadi.

Shu bilan birga, Toshkentdagi platformada ikki davlatning yetakchi mutaxassislari ham, jumladan, Oʻzbekiston tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev, shuningdek, Rossiya tarafidan – «Yandeks Go” kompaniyasining korporativ aloqalar boʻyicha direktori Aleksandr Visoskiy, Rossiya temir yoʻllarining xorijiy loyihalar va xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Anton Kozlov, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi boshqaruvi raisi Andrey Bistriskiy, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tadqiqotlari direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” xalqaro munozara klubi dastur direktori Timofey Bordachev va boshqalarning ham ishtirokida koʻzda tutilgan.

Yuqori darajadagi navbatdagi muloqot oʻtkazilishining asosiy sabablaridan biri, shubhasiz, mutaxassis va ekspertlarning Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqishi bilan bogʻliq. Aholi soni boʻyicha mintaqada yetakchi, eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish salohiyati hamda qudratli Qurolli Kuchlarga ega Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda alohida oʻrin tutadi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar yanada izchil rivojlanmoqda. Siyosiy va diplomatik aloqalar ittifoqchilik va strategik sheriklikning haqiqiy xususiyatiga ega boʻldi. 2020-yilgi pandemiya davrida savdo aylanmasi 5,6 milliard dollargacha kamayganiga qaramay, ushbu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan 1,5 barobar koʻpdir. 2021-yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ortib, 3,7 milliard dollarni tashkil etdi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatli rejalari ham oʻzaro savdo hajmini yanada oshiradi.

Ushbu tamoyil iqtisodiy hamkorlikdagi boshqa koʻrsatkichlarda ham namoyon boʻlmoqda. Oxirgi toʻrt yilda Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 915 tadan qariyb 3 mingtaga yetdi. Hatto 2020-yil, pandemiya davrida ham Rossiya kapitali ishtirokida 240 ta yangi korxona ishga tushirildi.

Bugungi kunda 2019-2024-yillarga moʻljallangan Iqtisodiy hamkorlik dasturi, shuningdek, umumiy qiymati 25 milliard dollarga teng 800 dan ortiq savdo-investitsiyaviy bitim va memorandumlar doirasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu konferensiyada Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlarining asosini tashkil etuvchi yoʻnalishlar va boshqa dolzarb mavzularni koʻrib chiqish rejalashtirilgan. “Markaziy Osiyoda islohotlar va taraqqiyot: Rossiya va Oʻzbekistonning yondashuvlari. Ikki tomonlama oʻzaro munosabatlarning gumanitar jihatlari”, “Mintaqaviy xavfsizlik: tashqi va ichki omillar”, “Markaziy Yevrosiyodagi xalqaro savdo va integratsiya” kabilar shular jumlasidandir.

Konferensiyaning ochilish, birinchi sessiyasi, shuningdek yopilish qismi ommaviy axborot vositalari va keng auditoriya uchun ochiq boʻlib, internet orqali onlayn-translyatsiya qilinadi.

Konferensiya doirasida “Valday” xalqaro munozara klubi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti koʻmagida tayyorlangan “Yevrosiyoning temir ustuni: yutuqlar, muammolar va mintaqaviy bogʻliqlik istiqbollari” nomli yangi toʻplamning taqdimoti ham oʻtkaziladi. Ushbu tahliliy hujjat Yevrosiyodagi transport va logistika sohasiga bagʻishlangan boʻlib, temir yoʻl aloqasini rivojlantirishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?