Toshkent shahrida oʻtgan 6 oyda 3 nafar ona farzandini “Tez yordam” mashinasida dunyoga keltirgan — SSV

12:30 10 Iyul 2022 Jamiyat
797 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Tugʻruq amaliyoti — oʻta murakkab jarayon. Shu sababli uning xavfsiz va asoratsiz kechishi bevosita tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va malakasi, ularning tajriba hamda mahoratiga bogʻliq.

Biroq baʼzida shunday holatlar boʻladiki, homilador ayolda toʻlgʻoq toʻsatdan boshlanadi. Natijada ushbu amaliyotni uyda yoki yoʻlda bajarishga toʻgʻri keladi.

Mana shunday kutilmagan vaziyatlarda, tabiiyki, tez tibbiy yordam xizmati shifokor va hamshiralaridan yanada masʼuliyat va qatʼiyat, tezkorlik va oʻta ziyraklik talab etiladi. Aks holda, ona va bolaning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Qayd etish kerak, yurtimiz “Tez yordam” xizmati xodimlari ana shunday favqulodda tugʻruq jarayonlarining muvaffaqiyatli kechishi hamda ona va bola salomatligini asrash uchun zarur bilim va malakaga ega.

Xususan, joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida Toshkent shahar “103” xizmatiga tugʻruq va homiladorlik patologiyalari boʻyicha jami 21 ming 143 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan 38-40 haftalik homiladorlik davrida boʻlgan 2342 nafar ayol tugʻruq uchun murojaat qilgan.

Qolaversa, tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining bevosita saʼy-harakati tufayli 25 nafar homilador ayol oʻz uyida farzandli boʻlgan.

Kutilmaganda boshlangan tugʻruq va yana boshqa omillar sababli esa 3 nafar ona chaqalogʻini “Tez yordam” mashinasida dunyoga keltirgan.

Eng muhimi, “103” brigadalarining tezkor amalga oshirgan tibbiy yordami tufayli ushbu tugʻruq jarayonlarining barchasi muvaffaqiyatli va hech qanday asoratlarsiz kechgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2022-yil yanvar-iyun oylarida Toshkent shahar “Tez yordam” xizmatiga jami 622 ming 578 ta chaqiriq kelib tushgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?