Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etildi

11:08 06 May 2022 Jamiyat
1109 0

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, Toshkent shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasi va 3-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonalarini qoʻshib yuborish orqali, 300 oʻringa moʻljallangan davlat muassasasi shaklidagi Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qayta tashkil etildi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor koʻchasi, 42-a uy manzilida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sobiq bino-inshootlari tegishli hududi bilan birga Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazib beriladi.

Quyidagilar markaz faoliyatining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:

— bolalarni tekshirish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ yordam koʻrsatish;

— bolalarga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga muvofiq yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar yordam koʻrsatish;

— tuman tibbiyot birlashmalari mutaxassislariga konsultativ va tashkiliy-metodik yordam koʻrsatish;

— Toshkent shahar davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni va boshqarishning iqtisodiy metodlarini joriy etish;

— tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda qatnashish;

— tibbiyot muassasalarida davolash-profilaktika jarayoni sifatini ekspertizadan oʻtkazish.

Belgilanishicha:

— Markaz Toshkent shahar 4-son bolalar klinik va 3-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

— Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Kichik halqa yoʻli koʻchasi, Qushbegi mavzesi 26-uyda joylashgan Toshkent shahar 3-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining bino-inshootlari tegishli hududi bilan birga Toshkent davlat stomatologiya institutiga;

— Toshkent shahar, Shayxontohur tumani Markaz-27, Bogʻ koʻchasi 20-uyda joylashgan Toshkent shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasining bino- inshootlari tegishli hududi bilan birga Sogʻliqni saqlash vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?