Toshkent moliya institutining yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi

17:46 30 Sentyabr 2022 Jamiyat
477 0

Foto: Xalq so‘zi

1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayramini Toshkent Moliya instituti oʻqituvchi va talabalari ham munosib kutib olishdi. Bayram arafasida institutning zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan yangi oʻquv binosining foydalanishga topshirilishi talabalarga eng quvonchli daqiqalarni taqdim etdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlimi vaziri Abduqodir Toshqulov, Yunusobod tuman hokimi Bahodir Abdullayev, institutning oʻqituvchi-professorlari, talabalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Toshkent Moliya instituti jamoasi taʼlim jarayonidagi islohotlarda faollik koʻrsatib, yangi-yangi yutuqlarga erishmoqda. Yangi taʼlim binosining Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida topshirilishi ustoz va talabalar uchun eng munosib sovgʻa boʻldi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Moliya instituti rahbariyati, professor-oʻqituvchilarining hamfikrligi, oʻzaro samimiyligi, namunali bilim va ish tajribasi kuni kecha eʼlon qilingan Milliy reytingda oʻz ifodasini topdi. Institut oʻtgan yilgi 5-oʻrindan ikki pogʻona koʻtarilib, 3-oʻrinni egalladi. Bu, albatta, institut rektorati va ustozlarining mashaqqatli mehnati, uddaburonligi, hayotiy tajribaga boy oʻziga xos maktabi mevasidir, — deydi vazir Abduqodir Toshqulov.

Taʼkidlanganidek, Toshkent Moliya instituti bugungi kunda respublikamizning tayanch oliy taʼlim dargohlaridan biri sanaladi. Bu yerda tahsil olib, malakali mutaxassislikni egallagan yoshlar nufuzli davlat tashkilotlari, korxona va kompaniyalarda mehnat qilmoqda. Yuzlab yoshlar esa salohiyatini yuksaltirish yoʻlidan borib, ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Xorijiy mamlakatlarda bilim va tajriba oʻrganishmoqda.

Institutning koʻrkamligini yanada boyitib turgan toʻrt qavatli yangi oʻquv binosida 1200 nafar yoshlar eng zamonaviy uslubda, axborot texnologiyalarining soʻnggi yutuqlari asosida bilim oʻrganadilar. Institutning oʻz mablagʻi evaziga bunyod etilgan binodagi shinam auditoriyalarda zamonaviy kompyuter jihozlari oʻrnatilgan, internet tarmogʻidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Yangi binodagi Axborot-resurs markazi zamonaviy fan yutuqlari asosidagi RFID texnologiyasi bilan taʼminlangan. Talabalar ushbu markazda doimiy maʼlumot-axborot xizmatidan unumli foydalanishmoqda. Bu yerga oʻrnatilgan elektron qurilmalar talabalarni kitob olish va qaytarish jarayonida vaqtni tejash imkonini bermoqda. Info-kiosk, maxsus ID karta orqali roʻyxatga olish, koʻp funksiyali himoya tizimi, oʻquv va badiiy adabiyotlarni elektron shaklda yuklab olish qurilmalari xizmati ham oʻqituvchi va talabalarni xushnud etayotir.

Bugun bu nufuzli taʼlim dargohida jami 402 nafar professor-oʻqituvchilar, jumladan, 52 nafar fan doktori (DSc), 206 nafar fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga ega ustozlar talabalarga taʼlim bermoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?