Toshkent — Markaziy Osiyoning madaniy-maʼrifiy markazi

13:33 30 Avgust 2021 Jamiyat
81 0

Maʼlumki, Toshkent azal-azaldan Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlaridan biri sifatida, unda savdo-sotiq va hunarmandchilik, madaniyat va maʼrifat markazlaridan biri boʻlib kelgan. Ikki ming yildan ortiq vaqt davomida bu yerdan savdo karvonlari, harbiy qoʻshinlar bilan birga turli din va gʻoyalar ham oʻtgan, ular shahar tarixida oʻz izini qoldirgan.

1865-yili Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan zabt etilib, 1867-yildan Turkiston general-gubernatorligining maʼmuriy markazi etib belgilandi. XIX asrning 70 yillaridan boshlab shahar Anhorning soʻl tomonida yangi shahar qurilib, u rus amaldorlari va boshqa yevropalik aholi yashashi uchun moʻljallangan edi. Shu davrda shahar aholisi ham tez oʻsib bordi. 1868-yili 77 mingdan ortiq aholi yashagan boʻlsa, 1910-yilga kelib ular soni 235 mingdan ortib ketdi. Toshkent butun Markaziy Osiyoning na faqat maʼmuriy, balki madaniy markazi ham boʻlib qoldi.

1930-yildan Oʻzbekistonning poytaxti boʻlgan Toshkent butun XX asr davomida oʻzining qiyofasini oʻzgartirib, zamonaviy shaharga aylanib bordi.

Ikkinchi jahon urushi yillari respublikamizga evakuatsiya qilingan aholini qabul qilishda toshkentliklar xalqimizning bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik kabi azaliy xislatlarini namoyon qildi.

Urushdan keyingi yillarda Toshkent xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlarni oʻtkazishda ham ishtirok etdi. 1958-yili Osiyo va Afrika yozuvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi Toshkentda oʻtkazilishi, poytaxtimiz xalqaro obroʻsining oʻsib borganligini koʻrsatadi. Konferensiyaning ochilish marosimida Sh.Rashidov nutq soʻzlab, ikki qitʼaning 37 mamlakatidan tashrif buyurgan 204 nafar yozuvchilarni hamda Yevropa va Amerika mamlakatlaridan kelgan mehmonlarni qutlaydi.

1968-yil sentyabrda jahon adabiyoti namoyondalarining diqqati yana Toshkentga jamlandi. Poytaxtimizga Osiyo, Afrika, Yevropa, Amerika va Avstraliyaning 46 mamlakatidan yozuvchilar yigʻilib, “Adabiyot va zamonaviy dunyo” mavzusida simpozium oʻtkazishdi. Jahonning madaniy markazlaridan biri sifatida Toshkentning obroʻsi ortib bordi.

1968-yil may oyida Osiyo va Afrika mamlakatlari Toshkent xalqaro kinofestivali ochilib, bu birinchi festivalga 49 ta mamlakatdan kinochilar ishtirok etdi. 1974-yili Lotin Amerikasi mamlakatlaridan kinochilar festival mehmoni sifatida ishtirok etgan boʻlsa, 1976-yildan kinofestival rasmiy tarzda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kino ustalarining oʻziga xos koʻrigiga aylandi, 1982-yili kinofestivalda dunyoning 90 ta mamlakatidan kino sanʼati ustalari ishtirok etdilar. Xalqaro kinofestivalda “Toshkent ruhi” deb nom olgan va dunyo sanʼatkorlarini tinchlik uchun harakat yoʻlida birlashtirgan kuchli harakat paydo boʻldi.

Toshkentni kinofestivali soʻnggi bor 1997-yilda oʻtkazilgan edi.

XX asr oʻrtalariga kelib Toshkent Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun oliy taʼlim va ilmiy kadrlar tayyorlash markazlaridan biriga aylandi. 1980-yillarga kelib poytaxtimiz oliy oʻquv yurtlarida dunyoning 60 ortiq mamlakatlaridan talabalar bilim olardi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi ilmiy tekshirish institutlari dunyoning koʻplab mamlakatlari uchun ilmiy kadrlar tayyorladi.

Mustaqillikning dastlabki chorak asrida maʼlum sabablarga koʻra Toshkent shahri oʻzining mintaqadagi madaniy va ilmiy markaz sifatidagi maqomini yoʻqotib bordi. Albatta, bunga respublikamizdagi ichki sabablardan tashqari Osiyoning Yaponiya, Koreya, Xitoy, Hindiston singari mamlakatlarida ilm-fanning jadal rivojlanishi, ularning yangi ilmiy markazlarga aylanishi kabi omillar ham sabab boʻldi.

Shunga qaramasdan, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentni yana mintaqaning madaniy va ilmiy markazi sifatidagi maqomini qayta tiklash ishlari boshlab yuborildi. Xususan, 2021-yil 19-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va oʻtkazish toʻgʻrisida” qarorni imzoladi. Kinofestival “Ipak yoʻli durdonasi” nomi ostida oʻtkaziladigan boʻldi. Milliy kino sanʼatini yanada rivojlantirish va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish, ushbu sanʼat turi orqali xalqimizning boy tarixi va betakror madaniyatini dunyoga keng targʻib etish festivalning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilandi.

Shuningdek, soʻnggi yillari respublikamizda oliy taʼlimni rivojlantirishga, mavjud ilmiy-pedagogik salohiyatni yuqori malakali zamonaviy kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirish, Toshkentni mintaqa uchun zamonaviy taʼlim va fan markaziga aylantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yaqin besh yil ichida chet el yetakchi oliy oʻquv yurtlarining filiallari ochilib, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish umumtaʼlim, oʻrta-maxsus va oliy taʼlim tubdan isloh qilinib, oʻqitishning zamonaviy interfaol usullari joriy qilinmoqda. Respublikamizda hozirgi kunda 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum borligi bitiruvchilarni taʼlimni navbatdagi bosqichi bilan qamrab olish borasida yaratilgan ulkan imkoniyatdir. Yoshlarimiz bir vaqtning oʻzida 5 tagacha oliy taʼlim muassasalarida tanlovlarda ishtirok etishi imkoniyatiga ega boʻlishi, bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016-yilda 9 foiz boʻlgan boʻlsa, joriy yilda 28 foizga, 2030-yilda esa 50 foizga yetkazishni asosiy vazifa qilib belgilandi.

Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan va taʼlim, adabiyot va sanʼat sohalarida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar yoshlarimizni oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarimizga munosib qilib tarbiyalash bilan birga Toshkentning mintaqadagi ilmiy-madaniy markaz sifatidagi maqomini tiklash yoʻlida ham katta qadam boʻladi.

Alisher Sabirov,
Markaziy Osiyo xalqaro institutining (MOXI) boʻlim boshligʻi, tarix fanlari nomzodi,
Shuhrat Ergashev,
Nizomiy nomidagi davlat pedagogika universiteti kafedra mudiri, tarix fanlari nomzodi,
MOXI eksperti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?