Toshkent ipoteka markazi ochildi

09:20 11 Avgust 2022 Siyosat
527 0

Foto: president.uz

Davlatimiz rahbari 10-avgust kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida tashkil etilgan ipoteka markazini borib koʻrdi.

Aholini uy-joy bilan taʼminlash doim muhim masala. Davlat va xususiy sektor tomonidan koʻplab uylar qurilayotgani bunga imkoniyat yaratmoqda. Ularni sotib olish uchun koʻmaklashish maqsadida ipoteka kreditlari taklif etilmoqda. Lekin bu boradagi imkoniyat va tartiblardan hamma ham xabardor emas.

Masalan, joriy yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga byudjetdan 13 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Lekin olti oyda aholiga bu mablagʻlarning 30 foizi berilgan, xolos.

Shu bois Prezidentimiz 6-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat koʻrsatadigan ipoteka markazlari tashkil qilish zarurligini aytgan edi.

Birinchi shunday markaz poytaxtimizda ish boshladi. Bu yerda ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizim yoʻlga qoʻyilgan. Tashrif buyuruvchilarga Toshkent shahrida qurilayotgan uylar, ularga xizmat koʻrsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi. Oldi-sotdi, garov va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi, uy-joyga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalarida ham yordamlashiladi. Eng muhimi, barcha xizmatlar bir joyda koʻrsatiladi.

– Xalqimiz turmushini yaxshilash uchun qancha qarorlar chiqayapti, qulayliklar yaratilyapti. Lekin koʻpchilik bundan toʻla xabardor emas. Bilganlar ham qayerga borishni bilmay, ovora boʻladi. Bu markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat koʻrsatib, ogʻirini yengil qiladi. Endi markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga yanada qulaylik yaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari minglab odamlar tomorqa uchun ipotekadan foydalana olmayotganiga eʼtibor qaratib, mutasaddilarga bu boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Tomorqa ipotekasini joriy qilish kerak. Tomorqa ipotekasi bu xalq ipotekasi boʻladi, – dedi Prezident.

Markazda qurilish va developer kompaniyalar oʻz ofislarini tashkil etgan. Xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?